O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 42 milliard dollardan oshdi

2019 yil davomida O‘zbekiston asosiy eksport tovarlari – qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallar, xizmatlar, energoresurslar, to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari, qora va rangli metallar.
Sputnik

TOShKENT, 17 yanv – Sputnik. 2019-yil yakunida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 42,2 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 mlrd dollarga o‘sdi (o‘sish sur’ati – 26,2%). Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tayyorladi.

O‘zbekiston tashqi savdo balansi salbiy tomonga o‘zgardi

Mahalliy tovarlar va xizmatlarning xorijiy mamlakatlarga eksporti 2018-yilga nisbatan 3,9 mlrd dollarga yoki 15%ga o‘sdi va 17,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Eksportning asosiy ulushi qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallardan tayyorlangan mahsulotlar - 5,1 mlrd dollar (umumiy eksportdagi ulushi 28,5 %), xizmatlar - 3,6 mlrd dollar (19,9%), energiya tashuvchilar - 2,5 mlrd dollar (14,1%), to‘qimachilik mahsulotlari - 1,6 mlrd dollar (9,1%), oziq-ovqat mahsulotlari - 1,5 mlrd dollar (8,5%), rangli metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar - 951,3 mln dollar (5,3%), kimoviy mahsulotlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar - 876,9 mln dollar (4,9%), qora metallar va undan tayyorlangan buyumlar - 349,6 mln dollar (2%) hissasiga to‘g‘ri keladi.

2019 yil davomida 2,700ta yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilinib, ular hisobiga 1 mlrd dollardan ortiq qo‘shimcha eksport amalga oshirildi. Bundan tashqari, 42ta mamlakatlar bozorlariga 206ta yangi turdagi mahsulotlar eksporti o‘zlashtirildi.

Respublika import ko‘rsatkichi hisobot davrida 4,8 mlrd dollarga o‘sib, 24,3 mlrd dollarga yetdi, bu esa 2018-yilga nisbatan 25 %ga ko‘pdir.

Import tarkibini asosan asbob-uskunalar - 5,6 mlrd dollar (jami importdagi ulushi 23,1%), transport vositalari va ehtiyot qismlar - 2,6 mlrd dollar (10,8 %), xizmatlar - 2,4. mlrd dollar (10%), qora metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar - 2,2 mlrd dollar (9,1%), elektr jihozlari - 1,3 mlrd dollar (5,5%), oziq-ovqat mahsulotlari - 1,2 mlrd dollar (5,2%), energiya tashuvchilar - 928,1 mln dollar (3,8%), farmatsevtika mahsulotlari - 926,8 mln dollar (3,8%), yog‘och va undan tayyorlangan mahsulotlar - 903,7 mln dollar (3,7%), kimoviy mahsulotlar - 843,5 mln dollar (3,5%), plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar - 811,7 mln dollar (3,3%) va boshqalar tashkil qiladi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida tashqi savdo ikki baravarga ko‘paydi

O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlari soni hisobot davrida 178 tani tashkil etdi. Ayni paytda Xitoy (7,6 mlrd dollar yoki 18,1%), Rossiya (6,6 mlrd dollar yoki 15,7%), Qozog‘iston (3,3 mlrd dollar yoki 8%), Koreya Respublikasi (2,7 mlrd dollar yoki 6,5%), Turkiya (2,5 mlrd dollar yoki 6%), Germaniya (980 mln dollar yoki 2,3%), Qirg‘iziston (829 mln dollar yoki 2%), Afg‘oniston (618 mln dollar yoki 1,5%) va AQSh (596 mln dollar yoki 1.4%) tovar aylanmasi bo‘yicha yetakchilar hisoblanadilar.

MDH mamlakatlari bilan savdo hajmi 12,2 mlrd dollarni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 20%ga ko‘proqdir. Shu nuqtayi nazardan Rossiya (MDH mamlakatlari bilan umumiy savdoning 54%), Qozog‘iston (27%), Qirg‘iziston (6,7%), Turkmaniston (4,4%) asosiy savdo sheriklar hisoblanadi.

Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan tashqi savdo hajmi sezilarli darajada o‘sib, 5,8 mlrd dollarni tashkil etdi (2018 yilga nisbatan 25%ga o‘sdi), bunda eksport qariyb 3,2 mlrd dollarni va import 2,6 mlrd dollarni tashkil etdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20ta yirik hamkor davlatlar orasida 5ta mamlakat - Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Tojikiston, Eron va Fransiya  bilan tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatilmoqda.