Jo‘n kanalining Yangiyo‘l hududidan o‘tgan qismi rekonstruksiya qilinmoqda

Toshkent shahri Sergeli tumaninig bir qismi, Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlaridagi 33 ming gektardan ziyod ekin maydonlarini suv bilan ta’minlab kelgan Jo‘n kanali qayta rekonstruksiya qilinmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 17 yanv – Sputnik. Toshkent shahri Sergeli tumaninig bir qismi, Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlaridagi 33 ming gektardan ziyod ekin maydonlarini suv bilan ta’minlab kelgan Jo‘n kanali qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligining axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekistonda “Aqlli suv” tizimi qachon ishga tushishi ma’lum bo‘ldi

Qayd etilishicha, Jo‘n deya nomlanuvchi kanal 1930-yillarda ishga tushirilgan. Uning uzunligi 54,7 km, bosh kanal qismining maksimal suv sathi sekundiga 32 kub metrni tashkil etadi.

Kanal Toshkent shahri Sergeli tumaninig bir qismi, Toshkent viloyatining, Zangiota, yangiyo‘l va Chinoz tumanlaridagi 33 ming gektardan ziyod ekin maydonlarini suv bilan ta’minlab kelgan. Ammo uzoq yillardan buyon foydalanib kelinganligi bois kanal o‘zani kengayib, o‘z holatini yo‘qotgan. Cho‘kindi hamda loyqalanishi natijasida suv o‘tkazish quvvati ancha kamaygan.

Bu ayniqsa, vegetatsiya davrida kanal oxirida yer maydonlariga suv yetkazib berish chog‘ida sezilgan.

Shu sababli Jo‘n kanalining Yangiyo‘l shahri hududidan o‘tgan 7, 2 km qismida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. 2019-yilda kanalning 3.2 kmdagi qismi betonlashtirilib, foydalanishga topshirlgan. Endilikda 4 km joyda ishlar olib borilmoqda. Yangiyo‘l shahri hokimligi bilan birgalikda kanalning muhofaza qismidagi noqonuniy imoratlar olib tashlangan. Daraxt va butalar kesilib, ikki qirg‘oq ochilgan. Kanal ichida to‘plangan tonnalab chiqindi va cho‘kindilar hududdan tashqariga olib ketilgan.

Ayni damda qurilish jarayoniga 200 ga yaqin ishchi mexanitorlar jalb qilingan. Joriy yilning yanvar oyida kanalning 1,5 km qismi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Rekonstruksiya ishlariga 12 ta ekskvator, 16 ta samasval, 12 ta avtomikser, 15 dan ziyod yordamchi texniklar jalb etilgan.