Pensiya jamg‘armasi Hyatt Regency Tashkent pensiya pullariga qurilganini rad etdi

Pensiya jamg‘armasi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya puliga qurilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Pensiya jamg‘armasi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya puliga qurilgani haqida internetda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, unda “Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan” mazmunidagi ma’lumotlar berilib, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishiga va aholi orasida tushunmovchilik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtiriladi

“Alohida ta’kidlash lozimki, Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hech bir ko‘rinishdagi loyihalarni moliyalashtirishga sarflanmaydi. Xususan, maqoladagi «Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan”ligi ko‘rsatilgan ma’lumot noto‘g‘ri keltirilgan. Ushbu loyihaga Pensiya jamg‘armasi tomonidan hech qanday mablag‘ ajratilmagan. Jamg‘arma mablag‘laridan faqat pensiyalar to‘lovini moliyalashtirish uchun foydalaniladi”, - deyilgan xabarda.

Amaldagi qonunchilik talablariga binoan, jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘lari mavjud bo‘lgan holda qisqa muddatli tijorat banklaridagi depozitlar va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtiriladi.