Maxfiy xaritalar iqtisodiy foydalanish uchun ochiqlandi

O‘zbekistonda oldin maxfiy bo‘lgan xaritalar ochiqlandi, aero va kosmik suratlardan foydalanishga ruxsat berildi.
Sputnik

TOShKENT, 15 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda maxfiy hisoblangan ayrim xaritalar, geografik axborot tizimlaridan ochiq foydalanish bo‘yicha cheklovlar olib tashlanadi. Bu haqda “Davlatergeodezkadastr” qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi

Qayd etilishicha, hukumat qarori bilan O‘zbekistonda maxfiy bo‘lgan ayrim xaritalardan ochiq foydalanish imkoni yaratiladi. Topografik xaritalarning maxfiylik darajasi keskin pasaytirilib, mahalliy koordinatalar tizimida tayyorlangan topografik xaritalar maxfiyligiga chek qo‘yiladi.

Hududlarga biriktirilgan maktablarni ko‘rsatuvchi onlayn xarita ishga tushdi

Mahalliy koordinatalar tizimida tayyorlangan barcha masshtabdagi topografik xaritalardan bir viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqiyosida ochiq foydalanish imkoni bo‘ladi.

Shuningdek, aero va kosmik syomka materiallaridan respublika miqiyosida foydalanish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlanadi. Ushbu koordinatalar tizimlarida tayyorlangan barcha masshtabdagi topografik xaritalardan butun respublika miqiyosida ochiq foydalanish mumkin bo‘ladi.

Shaharlar va shaharchalarda 10 kv.km.dan (1 000 gektar) ziyod bo‘lgan hudud uchun topografik xaritalarning maxfiyligi darajasi olib tashlanib, iqtisodiyotning turli sohalarida maxsus va tematik xaritalardan foydalanishga sharoit yaratiladi.