TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi yuzasidan sud jarayonining oxiriga qadar sud majlisidan chiqarib yuborildi. Bu haqda uning advokati Zamir Jooshev ma’lum qildi.
Sudya Atambayev majlisda ishtirok etishdan bosh tortgani hamda majlis zalidan bir necha marta turib ketib qolgani sabab uni chaqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Sayyor sud 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.
“Almazbek Sharshenovich qatnashmadi, chunki u oldingi safar zalni tark etganida sud majlis tartibini buzganligi uchun uni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Demakki, batamom chiqarib yubordi, ya’ni majlislar uning ishtirokisiz o‘tadi”, - deya advokat so‘zlaridan keltiradi Sputnik Qirg‘iziston.
Birinchi may tuman sudi matbuot xizmati ushbu xabarni tasdiqlagan, biroq sudya uni hukmni o‘qib eshittirishga hamda taraflarning iltimosnomasiga binoan chaqirishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Batukayev ishi
Aziz Batukayev 2006-yilning avgust oyida Alamudin tuman sudi hukmi bilan 16-yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, uning molu mulki musodara qilingan. Batukayev 2006-yilda Bishkek shahri yaqinida koloniyada ommaviy tartibsizlik uyushtirganlikda va hujum paytida Qirg‘iziston parlamenti deputati Tinichbek Akmatbayev, jazoni ijro etish boshqarmasi rahbari Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki nafar xodimini o‘ldirishda ayblangan. Aziz Batukayev 2013-yil 9-aprelda “og‘ir kasallik” tufayli shartli ravishda ozod qilingan. U bundan foydalanib, Qirg‘iziston hududini tark etgan.
Qirg‘iziston IIV ma’lumotiga ko‘ra, Batukayev hozirda Chechenistonda noqonuniy qurol saqlagani uchun jazo muddatini o‘tamoqda.
“Jinoiy avtoritet”ga nisbatan jinoiy ishni qayta qo‘zg‘atilganini 17-aprel kuni Qirg‘iziston bosh prokurori Otkurbek Jamshitov ma’lum qildi.