Aqtobeda ichida 53 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus to‘xtab qolgani tasdiqlandi

12 yanvar kuni ichida 53 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Boshqa YTH oqibatida esa bir o‘zbekistonlik halok bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) bosh konsulxonasi 12-yanvar kuni ichida 53 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus Aqtobe viloyati hududida texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi.

O‘zbekistonliklar Xitoydagi virus kasalligi xavfi haqida ogohlantirildi

TIV xabariga ko‘ra, avtobus Samara-Chimkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 13-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da avtobusning ta’mir ishlari yakunlangach, avtobus harakatini davom ettirgan.

Bosh konsulxona, shuningdek, 13-yanvar kuni Aqtobe – Orenburg trassasida yo‘l-transport hodisasi yuz berganini xabar qilgan.

Qayd etilishicha, YTH oqibatida voqea joyida haydovchi, O‘zbekiston fuqarosi E.M. halok bo‘lgan, yana bir O‘zbekiston fuqarosi I.K. turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog‘istonning tegishli organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.