Toshkentda bir to‘da “jihodchilar” qo‘lga olindi

Ular O‘zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a’zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda g‘arazli g‘oyalarni targ‘ib qilishgan.
Sputnik

TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Toshkent shahrida O‘zbekistonda faoliyati ta’qiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining*(DEO) bir guruh a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi.  Ularni qo‘lga olish borasidagi tadbir 7-yanvar kuni O‘zbekiston IIV-DXX xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu haqda IIV xabar qildi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar O‘zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a’zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda “Jihodchilar” DEO* g‘oyalarini tarqatganlar.

Namanganda terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular mamlakatdagi yoshlar orasida o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilib, jinoyat sodir etishga da’vat qilganlar.

Qayd etilishicha, ushlangan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va protsessual tartibda olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.

“Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz”, - deyiladi xabardi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.   

*“Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti O‘zbekistonda taqiqlangan tashkilot