Yana bir bandlik agentligi rahbariyati ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Litva va boshqa davlatlarga ishga jo‘nataman deb 51 500 AQSh dollarini o‘zlashtirib yuborgan bandlik agentligi rahbariyati ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv – Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan “I.X.Bandlik Agentligi” MChJ rahbarlariga nisbatan jinoiy ish ochildi, deb xabar qildi  Respublika Bosh prokuraturasi axborot xizmati.

O‘zbekistonda yana bir xususiy bandlik agentligi litsenziyasi to‘xtatildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.X.Bandlik Agentligi” MChJ mansabdor shaxslarining bugungacha olib borgan faoliyati o‘rganilgan.

Ushbu korxona rahbariyati bir necha fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Litva va boshqa davlatlarda shartnoma asosida ish bilan ta’minlash bilan ishontirib, ulardan 51 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan.

Ammo kelishilgandek, fuqarolar ish bilan ta’minlanmay, pul mablag‘lari korxona rahbarlari tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

Ayni damda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.