Mirziyoyev: “Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish”

Ta’kidlanishicha, soliq islohotlardan asosiy maqsad – joriy va kelgusi yillarda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash. Buning uchun tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va bu orqali budjet tushumlarini muntazam oshirib borish zarur.
Sputnik

TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 8-yanvar kuni davlat budjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

2020 yil 1-yanvardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etildi. Prezident bu islohotlardan asosiy maqsad – joriy va kelgusi yillarda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ekanini qayd etdi.

Yig‘ilishda buning uchun tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va bu orqali budjet tushumlarini muntazam oshirib borish zarurligi ta’kidlandi.

“Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish! Har bir hokim budjetga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlashi uchun o‘zi izlanishi, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlashi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Joylardagi rahbarlarning eskicha ish uslubi, energiya resurslari iste’moli va to‘lovi bo‘yicha hisob-kitob yuritishi, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga yondashuvi tanqid qilindi.

O‘zbekistonda soliq turlari qisqartirildi

“Bitta tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatsa ham, bunga “favqulodda holat” sifatida qaralishi kerak, – deya ta’kidladi prezident. – Iqtisodiy barqarorlik asosi raqobatbardosh tadbirkorlarni ko‘paytirishdir”.

Yig‘ilishda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun qarzdorlikni qisqartirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va boshqa joylarda debitor qarzdorlik ko‘paygani, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida katta miqdorda talon-torojliklar aniqlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir etishi bilan birga hududlardagi tadbirkorlarning elektr va tabiiy gaz ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda.

Davlat rahbari bunday holatlarga chek qo‘yib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorlikni qisqartirish, aholi va tadbirkorlarni ushbu manbalar bilan uzluksiz ta’minlash zarurligini ta’kidladi. 

Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun viloyat hokimlarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari moliya, soliq, bojxona, bank va iqtisodiy kompleks tarkibidagi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish va budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha doimiy ishlashi zarurligi qayd etildi. 

O‘zbekistonda tadbirkorlarning ko‘kragiga shamol tegadi

Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga xalqaro tajriba asosida, tadbirkorlar bilan muhokama qilgan holda soliq tekshiruvlari o‘tkazish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Davlat rahbari yig‘ilishda qurilishni moliyalashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan obyektlarda qurilishni boshlash va loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishni moliyalashtirish taqiqlanishi qayd etildi.

“Bugungi topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish iqtisodiy kompleksdan katta mas’uliyat talab etadi. Shu bois bu yil hukumat va hududlar uchun “iqtisodiy kompleksni safarbar qilish yili” bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.