TOShKENT, 4 yanv - Sputnik. Yunusobod tumani prokuraturasi voyaga yetmagan M.Alimjonovning kaltaklanishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan voyaga yetmagan M.Alimjonovning kaltaklanishi holati yuzasidan tergov oldi tekshirish harakatlari o‘tkazilgan.
Tekshirish davomida tayinlangan sudga oid tibbiyot ekspertizasining 04-yanvardagi xulosasiga ko‘ra, M.Alimjonovning tanasida aniqlangan jarohatlar sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlari turkumiga kirishligi aniqlangan.
“Tekshirish yakuniga ko‘ra, 04.01.2020 yilda Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, - deyilgan xabarda.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Yunusobod tumani IIO FMB TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.