TOShKENT, 27 dek – Sputnik. Farg‘onada 2 ta “Nexia” avtomashinasi hamda “Isuzu” avtobusining to‘qnashishi natijasida to‘rt kishi halok bo‘lganligi aytilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa 2019-yilning 26-dekabr kuni soat taxminan 19:30 larda Farg‘onaning Oltiariq tumani hududida sodir bo‘lgan. “4P112 Farg‘ona-Qo‘qon” xalqa yo‘lining 241 km.da 2 ta “Nexia” rusumli avtomashinalari va “ISUZU” rusumli avtobusi to‘qnashib ketgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobus ichida haydovchi bilan birga jami 9 nafar shaxslar bo‘lganligi aytiladi.
Avtobus bilan to‘qnashgan “Nexia” rusumli avtomashina salonidagi 4 nafar yo‘lovchilar esa olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.
Hozirda hodisa yuzasidan tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.