Rossiya va Germaniya ekspertlari yordamida aeroportlar faoliyati takomillashtiriladi

Toshkent aeroportining master-rejasi va yo‘lovchi terminali uchun texnik-iqtisodiy asoslash ishlab chiqiladi.
Sputnik

TOShKENT, 26 dek – Sputnik. Transport vazirligi tomonidan “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda “Airport Research Center” (Germaniya) va “Innovatsionniy sentr grajdanskoy aviatsii” MChJ (Rossiya) kompaniyalarining aeroportlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish, korporativ boshqaruv, menejment va moliya sohasida yetarlicha ko‘nikma va malakaga ega hamda yetakchi aviakompaniyalarda katta tajriba orttirgan ekspertlar jalb etildi.

Shveysariya kompaniyasi Toshkentdagi yangi aeroport terminalini quradi

Belgilab olingan ishlarni bajarish jarayonida xorijiy ekspertlar tomonidan Toshkent aeroporti operatsion faoliyatining ekspress-tahlili amalga oshiriladi hamda respublika aeroportlari tarmog‘ini rivojlantirishning qisqa va uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqiladi.

Shu bilan bir qatorda, Toshkent aeroportining master-rejasi va yo‘lovchi terminali uchun texnik-iqtisodiy asoslash ishlab chiqiladi.

Tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq xorijiy ekspertlar joriy yilning 17-19 dekabr kunlari I.Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti infratuzilmasi bilan tanishdilar, shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga doir texnologik jarayon tadqiqotlarini o‘tkazdilar.

Tadqiqotlar yuzasidan olingan ma’lumotlarning tahlil natijalariga ko‘ra aeroportning texnologik jarayonini optimallashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli qarorlarni amalda joriy etish bo‘yicha xorijiy ekspertlar tomonidan tegishli tavsiyalar taqdim etiladi.