Sodiq Safoyev O‘zbekistonda muxolifat partiyalar ildiz otayotganiga ishora qildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga ko‘ra, partiyalarni ro‘yxatga olish jarayonini yengillashtirish masalasini ko‘rib chiqish darkor.
Sputnik

TOShKENT, 20 dek – Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga ko‘ra, sun’iy tashkil etilgan muxolifat partiyasi hech qanday ish bermaydi. U bu haqda bugun Xalqaro Press Klubning "Yangi O‘zbekiston-yangi saylovlar" mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

MSK raisi O‘zbekistonda muxolifatchi partiyalar paydo bo‘lishini istisno qilmadi

Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga O‘zbekistonda muxolifat partiyalar yo‘qligi, ularda jasorat yetishmayotganligi havotirlanishga sabab bo‘lmaydimi, degan savol berildi.

"Bilasizmi, meni bu havotirga solmayapti. Agar hozirgi zamonda qandaydir sun’iy muxolifat partiyasi paydo bo‘lganida, bu meni havotirga solishi mumkin edi. Sababi, bu jarayonning sun’iyligini ko‘rsatadi. Sun’iy tashkil etilgan, "yuqoridan" olib kirilgan muxolifat partiyasi hech qachon ish bermagan va bermaydi ham. Ishonchim komilki, muxolifat bu jamiyatning ichki palagidan tabiiy ravishda o‘sib chiqishi, xalqning orzu umidlarini ifodalashi kerak. Hukumat o‘zi shu muxolifat partiyalarni ta’sis etish kerak, degan takliflar berilyapti. Bu g‘ayritabiiy hol", - dedi Safoyev.

YeXHT O‘zbekistonga saylovni kuzatish uchun 300ga yaqin kishini jo‘natadi

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat, parlament birinchi navbatda bugungi qonun doirasida ish olib borishi kerak.

"O‘zbeklarda "Boriga bozor"degan yaxshi gap bor. Mana bugungi kunda ko‘rib turibsiz, partiyalarimiz mana shu jarayonlarda debatlar, qarama-qarshi keskin muzokaralar olib borilyapti. Bu muxolifatning asta-sekin ildiz otayotganligini ko‘rsatadi", - deb qayd etdi senator.

Safoyevning fikricha, muhimi O‘zbekistonda qonunlar, institutsional jarayon shunday bo‘lishi kerak-ki, tabiiy o‘sib keladigan muxolifatga to‘siq qo‘yilishi kerak emas.

"Men aminmanki, partiyalarni ro‘yxatga olish jarayonini yengillashtirish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Bu mening shaxsiy fikrim", - deya tushuntirdi Safoyev va mustaqil nomzodlarga imkoniyat yaratilishi O‘zbekistondagi plyuralizmga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.