O‘zbekiston va YeOII

YeOIIga qo‘shilish O‘zbekistonga JSTga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaydi - ekspert

Ikkala tashkilot tomonidan qo‘yilgan qoida va talablar O‘zbekiston bozorini tashqi savdo uchun yanada ochiqroq bo‘lishga qaratilgan - bu respublika uchun foydalidir.
Sputnik

TOShKENT, 17 dek – Sputnik. Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasi O‘zbekiston uchun dolzarb masala hisoblanadi, deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Sanjar Valiyev. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabariga asosan.

“Men O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilayotgan bir vaqtda JSTga kirishiga to‘sqinlik qiladigan biron bir to‘siqni ko‘rmayapman. Chunki ikkala tashkilot tomonidan qo‘yilgan qoida va talablar O‘zbekiston bozorini tashqi savdo uchun yanada ochiqroq bo‘lishga qaratilgan. Bu biz uchun har jihatdan foydali”, - deydi mutaxassis.

Kuril orollari masalasida O‘zbekiston pozitsiyasi qanday?

Belarusdan tashqari YeOIIning barcha davlatlari JST a’zosi hisoblanadi. Belarus ham 2020-yilda bu maqomga ega bo‘ladi. Shuning uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q.

SMTI vakili O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi kun tartibiga ham to‘xtaldi.

Mutaxassis yadroviy qurolsizlanish mavzusi ham nihoyatda muhim ekanligi va bu borada ikkala mamlakatda ham o‘xshash tushuncha va vazifalar borligini ta’kidladi. Valiyev Toshkent yadro qurolidan voz kechish bo‘yicha global harakatning tarafdori bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

"Rasmiy Tokio ham bu yo‘nalishda jiddiy qadamlar tashlamoqda va biz bunday davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu masalalar juda muhim, ammo ushbu tashrif davomida ular markaziy ahamiyatga ega bo‘lmaydi", - dedi Valiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbarining Yaponiyaga birinchi rasmiy tashrifi avvalambor davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.