Senatning 25-yalpi majlisida qaysi masalalar ko‘rib chiqilishi ma’lum bo‘ldi

Majlisda senatorlar mamlakat demokratik taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning meyoriy-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalarni muhokama qiladilar.
Sputnik

TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlici 14-dekabr kuni chaqiriladi. Tegishli qaror Senat Kengashining navbatdagi majlisida qabul qilindi.

“Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritiladi

Yalpi majlisda senatorlar  “Soliq kodeksi to‘g‘risida”gi,  “Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun xujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi, “Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qilishadi.

Bundan tashqari, Senat a’zolari notariat tizimining tubdan isloh qilinishi, ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan mamlakatning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni muhokama qiladi.  

Qayd etilishicha, Senatorlar Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqadilar.