TOShKENT, 4 dek - Sputnik. “Turkmenenergo” elektr uzatish tarmog‘i ta’mirlanib, import amaliyoti tiklandi, deb xabar qildi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati.
2019 yil 4-dekabr kuni soat 10:53 da “Serdar” (Turkmaniston) va “Qorako‘l” (O‘zbekiston) podstansiyalarini bog‘lovchi 500 kVli havo elektr uzatish tarmog‘ida favqulotda o‘chish holati sodir bo‘lgan edi.
Magistral tarmoqdagi nosozlikni bartaraf etish uchun “Turkmenenergo” korporatsiyasi hududiy bo‘limlarining brigadalari zarar yetgan joylarini aniqlash va bartaraf etish uchun yuborilgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, “Turkmenenergo” balansidagi elektr tarmog‘i chegara hududiga yaqin joyda uzilgan bo‘lib, liniya o‘zbekistonlik energetiklar tomonidan ta’mirlandi.
““O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassislari tomonidan 807- va 820-tayanch ustunlar orasida olib borilgan ta’mirlash ishlari tugatilgandan so‘ng, ya’ni bugun soat 16:23 da “Qorako‘l” va “Serdar” podstansiyalarini bog‘lovchi L-512 havo tarmog‘i ishga tushirilib, Turkmanistondan qabul qilinayotgan elektr energiya amaliyoti to‘liq tiklandi”, - deyilgan xabarda.