Onalikning "qora bozori": O‘zbekistonda yil davomida 54 ta chaqaloqni sotishga urinishdi

O‘zbekistonda sodir etilgan chaqaloq savdosi jinoyati 2018-yil 10 oyida 54 ta, shu yilning 12 oyiga kelib esa 75 tani tashkil etgan.
Sputnik

TOShKENT, 4 dek - Sputnik. O‘zbekistonda sodir etilgan chaqaloq savdosi jinoyati 2018-yil 10 oyida 54 ta, shu yilning 12 oyiga kelib esa 75 tani tashkil etgan. 2019-yil 10 oyigacha bu ko‘rsatkich 57 tani tashkil etgan.

O‘zbekistonda ayollarning suitsidga qo‘l urishiga nima sabab bo‘lmoqda?

Bu haqda Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i — Baxtiyor Berdialiyev 5-dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan (“Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlar haqida” mavzusidagi) matbuot anjumanidan so‘ng Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.

“Chaqaloq sotish holatlariga shaxsan o‘zim avval tergov jarayonida uchratganman, sababi bitta — u ham bo‘lsa, yosh qizlarimizning bilib bilmay qo‘ygan noto‘g‘ri qadamlari orqali yuzaga keladi. So‘ng undan qutulish maqsadida chaqaloqlarni tug‘ruqxonalarning o‘zida, eshik ostida yoki begona joyda qoldirib ketish, oxirgi chora sifatida sotish va O‘zbekistondan chiqib ketish holatlari juda ham ko‘p uchrayapti. Shuni aytish kerakki, odam savdosi jinoyati juda og‘ir jinoyat hisoblanib, bu bo‘yicha Jinoyat kodeksining 135-moddasida jinoiy javobgarlik belgilangan. Ushbu jinoyatlar haqida OAVlarida batafsil yoritilib borilmoqda. Shu bois o‘ylaymanki, hozirgi kunga kelib, bu tendensiya bir oz kamaydi” - deydi Berdialiyev.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Xotin qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i U.Abdullayevaning fikriga ko‘ra, aksariyat hollarda hayotda aldanib qolgan, turmushidan ajrashib, ikki va undan ortiq farzandi bilan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar orasida o‘z bolasini sotish holatlari ko‘plab uchraydi.

Abdullayeva Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda ishlash natijasida chaqaloq sotish holatlari 2018-yilga kelib 33 foizga kamayganini ta’kidladi.