TOShKENT, 3 dek — Sputnik. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ “Turkmanenergo”dan yetkazilib berilayotgan elektr energiyasini mahalliy podstansiyalar ko‘tara olmayapti” degan xabarlar noto‘g‘ri ekanini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 1-dekabrdan boshlab Turkmanistondan o‘zaro imzolangan shartnomaga ko‘ra, elektr energiyasini yetkazib berishni boshlangan va shu kuni jami 14,9 mln. kVt.s elektr energiyasi yetkazib berilgan. 2 dekabr kuni esa elektr energiyasini yetkazib berish 15,4 mln. kVt.soatni tashkil etgan.
Xabarda elektr energiyasini yetkazib berish shartnomada belgilangan, kelishilgan grafiklar va miqdorlar asosida amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, joriy rejimlarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasaruffidagi elektr tarmoqlari va podstansiyalari shartnomada belgilangan miqdordagi elektr energiyasini hududiy tarmoqlar chegarasigacha cheklanishlarsiz yetkazib berish imkoniyatiga ega.
Avvalroq OAVlarda “Turkmanistondan kelgan elektr energiyasi sababli Samarqanddagi ba’zi tumanlarda elektr energiyasi vaqtincha o‘chiriladi” sarlavhali material e’lon qilingan edi. Unda 1-dekabrdan boshlab O‘zbekistonga “Turkmanenergo”dan yetkazib berilayotgan elektr energiyasini mahalliy podstansiyalar ko‘tara olmayotgani aytilgan edi.