Surxondaryo viloyati tarkibida yangi tuman tashkil etiladi

Deputatlar Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari hududlari chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Sputnik

TOShKENT, 1 dek - Sputnik. Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani tashkil etiladi. Ushbu masalani deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqishdi.

Ta’kidlanishicha, deputatlar Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari hududlari chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqqanlar.

Afg‘on tadbirkorlari Surxondaryoda za’faron va anor yetishtirmoqchi

O‘zgarishlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududidagi “Bandixon”, “Bektepa”, “Obod turmush”, “Polvontosh”, “Saroy”, “Birdamlik”, “Chinor”, “Paxtakor”, “Navbahor”, “Farovon”, “Bahoriston”, “O‘rg‘ilsoy”, “Gulbog‘”, “Qaldirg‘och”, “Zevar”, “Xo‘jaipok”, “Obod yurt” hamda “Bag‘ri keng” mahalla fuqarolar yig‘inlari, Boysun tumanining “Ko‘lqamish” mahallasi “Kuba” qishlog‘i, “Obikor” hamda Quduqsoy mahalla fuqarolar yig‘inlari, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Davlatsoy” mahallasining “Porloq” va “Xurmazor” qishloqlari, “Navruz” hamda “Bandixon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari tashkil etilayotgan Bandixon tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Deputatlarning qayd etishicha, bu o‘zgarishlar hududda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirishga, aholi bandligini ta’minlashga, Surxondaryo viloyatining dehqonchilik mintaqasi hisoblangan Bandixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada taraqqiy ettirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.