Olimlar yog‘li taom erkaklar uchun o‘ta xavfli ekanini aniqlashdi

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari o‘ta yog‘li taomlarni iste’mol qilish prostata saratoniga olib kelishini ko‘rsatdi.
Sputnik

TOShKENT, 1 dek - Sputnik. Kanadaning Monreal shahridagi Makgill universiteti sog‘liqni saqlash markazi mutaxassislari tarkibida juda ko‘p yog‘ bo‘lgan taomni iste’mol qilish va prostata bezi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashdi. Bu haqda MedicalXpress portali xabar qildi.

Olimlar ish paytida to‘g‘ri ovqatlanish haqida tavsiyalar berishdi

Olimlar 319 kishining ovqat ratsionini o‘rganib, inson parhezi va saraton paydo bo‘lishi va rivojlanishiga sabab bo‘luvchi onkogenlar orasida bog‘liqlik borligini aniqlashgan.

Xususan, ko‘p yog‘li ovqat iste’mol qiluvchi kishilarda MYC nomli onkogenlar paydo bo‘lishi va ularda yog‘ iste’mol qilmaydigan kishilarga qaraganda prostata bezi saratonidan vafot etish holatlari 4 baravar yuqori ekanligini aniqlashgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yog‘li ovqat iste’mol qilish oqibatida onkogenlar sog‘lom hujayralar xususiyatini o‘zgartirib, ularni to‘xtovsiz ko‘payuvchi saraton hujayralariga aylantirar va oqibatda inson o‘limiga olib kelish ehtimoli oshar ekan.

Mol yog‘ining taomdagi hissasini kamaytirish kasallikni dastlabki bosqichidagi rivojlanish sur’atini pasaytirishi mumkin. Tadqiqot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, kelajakda uning natijalari prostata saratoniga chalinganlar uchun maxsus parhezni tuzishda yordam berishi mumkin.