"Maslahatli osh tarqamas": MO yetakchilari Toshkentda nimalarga kelishdilar?

2017 yil O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda asosiy e’tibor - mintaqaga qaratilishi, respublika birinchi galda Markaziy Osiyo davlatlari bilan axil qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor berishini qat’iy ta’kidlagan edi.
Sputnik

Shu bilan bugungi kunda Markaziy Osiyoni yangicha qiyofada butun jahonga qaytadan kashf qilayotgan "iliqlashuv" jarayoniga tamal toshi qo‘yildi.

Markaziy Osiyo - umumiy uyimiz

Markaziy Osiyo rahbarlari ishtirokida 2018-yilning mart oyida Qozog‘iston poytaxti - Nur-Sultonda birinchi maslahatlashuv formatidagi norasmiy sammit o‘tkazilgan. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari bunga qadar to‘qqiz yil muqaddam - 1998-yilda Ashxobod shahrida uchrashganlar.

"Maslahatli osh tarqamas": MO yetakchilari Toshkentda nimalarga kelishdilar?

Toshkent shahridagi ikkinchi maslahatlashuv uchrashuvi bugun, 29-noyabr kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Norasmiy sammitga qoidaga ko‘ra, mezbon mamlakat rahbari - Shavkat Mirziyoyev raislik qildi.

Mirziyoyev: ushbu uchrashuv mintaqamizning rivojlanishida yangi bosqichni ochib beradi

Mirziyoyev hamkasblarni tashrif bilan samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuvga ehtiyoj kattaligini, bu norasmiy sammit - Markaziy Osiyo xalqlarining hamkorlikni kengaytirish, mintaqada ishonch va axil qo‘shnichilik muhitini yanada mustahkamlash, umumiy muammolarni birgalikda hal etishga bo‘lgan samimiy intilishlari va qat’iy siyosiy irodasi dalilidir, dedi.

Uchrashuvdan maqsad - yangi tashkilot yaratish emas

Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidenti, bu formatdagi uchrashuvdan boshqa ma’no izlash kerakmasligi borasida ham alohida to‘xtaldi.

"Maslahatli osh tarqamas": MO yetakchilari Toshkentda nimalarga kelishdilar?

"E’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati qandaydir yangi mintaqaviy tashkilot tuzilayotgani haqida gapirishga asos bo‘la olmaydi. Biz Maslahat kengashimiz. Bir-birimiz bilan uchrashib, hozirda mavjud muammolarimiz, kelgusi rejalarimiz haqida maslahatlashamiz. Masalalar ko‘p. Ular qachon yechiladi? (Qachonki) bir-birimiz bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘lsa, qo‘shnichiligimiz yaxshi bo‘lsa",- deya tushuntirdi Mirziyoyev.

Nazarboyevga yuksak unvon

Norasmiy sammitda Qozog‘istonni taqdim etgan Elboshi Nursulton Nazarboyev tor doirada o‘tgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo rahbarlari Maslahatlashuv uchrashuvining Faxriy raisi etib saylandi. O‘zbekiston prezidenti bu haqda e’lon qilar ekan, Nazarboyevning 30-yillik rahbarlik faoliyatini alohida e’tirof etib o‘tdi. "Markaziy Osiyo masalalari, muammolari va yechimlari borasida Nursulton Abishevich o‘z fikriga ega, men o‘ylaymanki, biz bundan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak", - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Avval iqtisod - keyin siyosat - Mirziyoyev taklifi

Markaziy Osiyo  davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z hamkasblari e’tiborini iqtisodiy hamkorlikka qaratdi. Xususan, qo‘shni davlat rahbarlariga birinchi navbatda iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.

Mirziyoyev Toshkentdagi sammit haqida: bu mintaqaviy tashkilot paydo bo‘layotganini anglatmaydi

Katta bozor, xom ashyolar zaxirasi va inson resurslariga ega bo‘lgan mintaqa ichida savdo munosabatlari rivojlanishi va qo‘shilgan qiymat zanjiri shakllanishi lozim, dedi Mirziyoyev.

Ikkinchi muhim yo‘nalish sifatida, mintaqada zamonaviy transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishni, transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzilishini va ushbu sohada bitim imzolashni tezlashtirish muhimligi qayd etildi. Uchinchi o‘rinda, Mirziyoyev Markaziy Osiyoda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish hamda zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi. 

To‘rtinchi navbatda, O‘zbekiston prezidenti – Markaziy Osiyoda yagona, ko‘pchilik taniydigan turizm brendi tashkil qilishni, ushbu maqsadda "Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat" xalqaro turizm konferensiyasini o‘tkazish taklifini bildirdi. 

Do‘stlik - abadiy. Lekin bitim ham kerak - Nazarboyev taklifi

Nursulton Nazarboyev muzokaralar davomida bir yil oldin Qozog‘istonda boshlangan muloqot Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifani ochib berganini qayd etib o‘tdi. "Uchrashuv hamkorlik kartinasini yaxshiladi. Muloqot beshta mamlakatga do‘stligimiz abadiy yashashi haqida signal berdi", - dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi

Qozog‘istonning birinchi prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari farovonligini oshirish maqsadida ishtirokchi-davlatlar salohiyatini birlashtirish lozim. Buning uchun avvalo "Markaziy Osiyoni XXI asrda rivojlantirish maqsadida axil qo‘shnichilik va hamkorlik maqsadlari to‘g‘risidagi bitim"ni qayta imzolash kerak bo‘ladi. Ushbu hujjatda besh mamlakat o‘zaro hamkorligining asosiy bazaviy tamoyillari va maqsadlari o‘z aksini topishi kerak. Shuningdek, mamlakatlar suvereniteti, mustaqillik va territorial yaxlitligi haqidagi nizomlar ham.

Bundan tashqari, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari Xavfsizlik Kengashlari kotiblari uchrashuvi o‘tkazilishi lozim. Nazarboyev, shuningdek, MO mamlakatlari o‘rtasida tovarlar, xizmatlar va kapital harakatlanishida cheklov bo‘lmasligi kerakligi haqida gapirdi. Hamda har yili 15-martda MO davlatlarida yangi ayyom - Markaziy Osiyo kunini nishonlash taklifini o‘rtaga tashladi.

Iqlim o‘zgarishlari va suv resurslari - Emomali Rahmon takliflari

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon MO yetakchilari e’tiborini iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xatarini kamaytirish singari masalalarga qaratdi.

"Tojikiston Mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘pqirrali sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirish tarafdori bo‘lgan", - dedi Rahmon.

Tojikiston rahbarining ta’kidlashicha, bu singari konstruktiv ruhdagi maslahatlashuvlar natijalari mintaqaviy integrallashuvga qaratilgan va mamlakatlarning yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi. Bu orqali ishtirokchi-davlatlar xalqlari hayot sharoitlari ham yaxshilanadi.

Rahmon so‘zlariga ko‘ra, savdo va iqtisod, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport va kommunikatsiya infratuzilmasi rivoji, suv resurslaridan ratsional foydalanish singari sohalar Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari o‘rtasida hamkorlikning muhim omillari bo‘lishi mumkin.

Suv uchun kompensatsiya - Jeenbekov taklifi

Muzokaralar davomida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov mintaqada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik muammolar xususida to‘xtaldi.

Rossiya “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasiga sarmoya kiritdi

"Bizning tog‘larda mintaqadagi barcha suv resurslarining 45%i shakllanadi. Tabiiyki, tez orada darolarda suv sathi pasayishi muammosiga duch kelamiz. Natijada, bu Markaziy Osiyo ekologiyasiga, hamkorlikdagi iqtisodiy faoliyatga ta’sir ko‘rsatadi, yirik GESlar salohiyati pasayadi", - dedi Qirg‘iziston rahbari.

Boshqacha qilib aytganda, Qirg‘izistonda muzliklarning keskin pasayishi butun mintaqa uchun ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois hozirdan muzliklarni saqlab qolish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni boshlab, suv-energetika sohasidagi hamkorlikni takomillashtirish kerak.

"Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoda suv zaxiralarini to‘plash uchun kompensatsiyaga oid o‘zaro manfaatli mexanizmlarni ishlab chiqish va joriy etishni taklif qilaman, umid qilamizki, suvni to‘plash, saqlash, boshqarish va yetkazib berish borasidagi harajatlarimiz tegishli tarzda o‘zini oqlaydi", - dedi Jeenbekov.

Qirg‘iziston yetakchisi o‘z chiqishida yo‘llar bo‘yicha eng yirik loyiha hisoblangan - Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi - butun mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli yaxshilashi, temir yo‘l Yevropa va Osiyo o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashiga umid bildirdi.

MO taraqqiyoti uchun "5+" formulasi - Berdimuhamedov taklifi

Turkmeniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 5+ formulasida hamkorlikni jadallashtirish taklifini ilgari surdi.

Lavrov: YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlarni Rossiyadan ixlosini qaytarmoqchi

"Bizning vazifamiz - mintaqa sog‘lom iqtisodiy raqobatning zamonaviy talablariga javob berishi, dunyoda ro‘y berayotgan jarayonlarning to‘laqonli va samarali sherigiga va ajralmas qismiga aylanishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilish. Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga mintaqada zamonaviy energetika va trasport-tranzit tuzilmasini vujudga keltirish singari tashabbus zarur. Bu maqsadlarga yetishish uchun yirik xorijiy investorlarni jalb etish lozim bo‘ladi. Shu bois mintaqa mamlakatlari tashqi sheriklar bilan o‘zaro manfaatlarga asoslangan uzoq istiqbolga ega hamkorlik strategiyasini qurishlari talab etiladi", - dedi Turkmaniston prezidenti va bunda 5+ formulasi bo‘yicha ancha jadallashgan hamkorlikni qayd etib o‘tdi.

Bu yerda Markaziy Osiyo davlatlarining YeI, AQSh, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya bilan hamkorlik formatlari nazarda tutilmoqda. Bunday formatdagi hamkorlikka dunyoning boshqa yetakchi mamlakatlarida ham qiziqish bor. Bunday uchrashuvlar kun tartibi juda keng va rang-barang bo‘ladi, biroq asosiy e’tibor iqtisod, energetika, transport va logistika masalalariga qaratiladi.

Berdimuhamedov Tinch okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishga ega bo‘lmagan mintaqa davlatlari sharqiy Kaspiyning port infratuzilmasi salohiyatidan maksimal foydalanishlari kerakligini qayd etdi. Bu orqali mahsulotlarni Yevropa, Rossiya, Kavkaz orti, Yaqin va O‘rta Sharqga eksportini amalga oshirish mumkin. Turkmaniston bu maqsadlar uchun o‘z portlarini qulay sharoitlarda taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Kelajak ko‘chatlari 

Norasmiy sammit so‘ngida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan uchrashdi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bayonot berdi.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodchi sifatida YeOII foydasi va xatarini tushunadi - Matviyenko

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bugun MO mamlakatlari oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishning sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichiga ko‘tarildi. 

"Hech shubhasiz, birgalikdagi intilishlarimiz bilan oldimizda turgan barcha maqsadlarga albatta erishamiz. Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror taraqqiyot mintaqasiga, ko‘pqirrali sheriklik makoniga aylantiramiz. Muhimi biz hamfikrmiz, rejalarimiz ham bir, barcha muhokama qilingan masalalar bo‘yicha yakdilligimiz bor", - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Samarali muzokaralardan keyin Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chatlar o‘tqazdi.

"Maslahatli osh tarqamas": MO yetakchilari Toshkentda nimalarga kelishdilar?

Bu daraxtlar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmanistonning mustahkam do‘stligi va hamkorligi ramzi sifatida yonma-yon o‘sadi.

Navbatdagi Maslahat uchrashuvi esa 2020-yili Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi.