TOShKENT, 28 noya — Sputnik. O‘zbekistonda yana bir xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi ishga tushdi, deb xabar qilmoqda “Ipoteka bank” matbuot xizmati.
Paysend nomli yangi tizim Ipoteka bank Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari hamkorligida ishga tushirilgan. Undan foydalanish uchun xalqaro bank kartasi va smartfon bo‘lsa kifoya. Bankka borish va navbatga turishga hojat yo‘q. Servis 24 soat ishlaydi va pul o‘tkazmalari uchun kam miqdorda komissiya oladi.
Masalan, Rossiyadan pul o‘tkazmalari uchun – 49 rubl, Qozog‘istondan – 122 tenge, Yevropadan – 1,5 yevro, AQShdan – 2 dollar. Tizim to‘lov summasidan qat’iy nazar ushbu to‘lovdan ortiq haq olmaydi.
Mablag‘ o‘zbekistonlik foydalanuvchining bank kartasi raqamiga 1 daqiqa ichida kelib tushadi. Xorijiy valyutada yuborilgan mablag‘lar so‘mga aylantiriladi.
Ayni damda ushbu tizim orqali O‘zbekistondan xorjga pul o‘tkazishning imkoni yo‘q, faqat xorijdan O‘zbekistonga o‘tkazish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Rossiyaning eng yirik banki - Sberbank Western Union to‘lov tizimi bilan hamkorlikda, 1 % to‘lov olinadigan xalqaro pul o‘tkazmalari tizimini ishga tushirgan edi. Unda pul oluvchi pin kod yordamida mahalliy bank bo‘linmasidan naqd pul olishi mumkin.