TOShKENT, 26 noya - Sputnik. O‘zbekiston hamda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirliklari Nur-Sulton, Olma-ota va Chimkent shaharlarida "Nolegal" tezkor-profilaktik tadbirlarini o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati.
Tadbir migratsiya sohasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish, chet-elga mehnat qilish uchun chiqib, qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini aniqlash, ularni vatanga qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatish, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ushlash, noqonuniy migratsiya va uning salbiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berish maqsadida amalga oshirilgan.
Hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida, O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 3 nafar halqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lgan olingan.
Migratsiya qonunchiligini buzgan 6 nafar (1 nafar Qozog‘iston davlat chegarasini qasddan noqonuniy kesib o‘tish, 1 nafar noqonuniy migratsiyani tashkil etish, 4 nafar sud hukmi, sud qarori yoki boshqa sud hujjati yoki ijro varaqasi ijro etilmasligi) O‘zbekiston fuqarolari jinoiy jazoga tortilgan bo‘lib, chet el fuqarolarini ishchi kuchidan foydalanish qoidalarini buzgan 56 nafar Qozog‘iston fuqarolari (ish beruvchi)ga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, 186 nafar O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun majburiy tartibda davlatdan chiqib ketish bo‘yicha sud tomonidan ajrim chiqarilgan hamda 427 nafar shaxsning Qozog‘istonda bo‘lish muddati qisqartirilgan.
Tadbirlar davomida 2 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarolari bilan, mazkur davlatda bo‘lish tartib qoidalarini buzmaslik yuzasidan alohida profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Nur-Sulton, Olma-ota va Chimkent shaharlarida joylashgan xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan jami 218 nafar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ular orasidan yordamga muxtoj bo‘lganlarga vatanga qaytarish bo‘yicha chora tadbirlar belgilangan.
Tadbirlar davomida, Qozog‘iston IIV bilan ikki davlat o‘rtasidagi "readmissiya" haqidagi kelishuviga asosan, xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan va majburiy mehnat ekspluatatsiyasiga tushib qolgan hamda turli sabablarga ko‘ra vatanga qaytib kelaolmayotgan 83 nafar (23 nafari qaytarildi) fuqarolarga nisbatan hech qanday qonuniy choralar ko‘rilmasdan, Qozog‘iston hududidan chiqarib yuborishga kelishilgan.
Shu bilan birga, Chimkent shahri va Turkiston viloyatida joylashgan “Samal va Sariagash” nomli halqaro avtovokzallarda, Rossiya davlatiga chiqib ketadigan avtotrassalarda turli xil noxush holatlar sodir etilishini oldini olish (ob-havo sharoiti yomonlashganligi sababli) maqsadida, avtobus haydovchilari va yo‘lovchilar orasida profilaktik-ogaxlantiruv ishlari o‘tkazilgan.
Hozirgi kunda, Qozog‘iston hududida ikki davlat IIVlari va “Sana-Sezim” jamoatchilik fondi ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida, 23 nafar qiyin ahvolga tushib, ayrimlari esa majburiy mehnat ekspluatatsiyasiga tushib qolgan hamda 10-15 yil davomida vatanga qaytib kelolmayotgan O‘zbekiston fuqarolariga, Qozog‘istondagi O‘zbekiston elchixonasi orqali "Vatanga qaytish guvohnomasi" konsullik to‘lovlardan ozod etilgan holda rasmiylashtirilib, Tashqi mehnat migratsiya agentligi ko‘magida “Olma-ota – Toshkent” aviareysi bilan (aviachipta olib berilib) olib kelinishiga erishilgan.
Mazkur fuqarolarga, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi binosida tibbiy (rentgen tekshiruv, qon analizlari tekshiruvi, turli yuqumli kasalliklarga tekshiruv), psixologik va yuridik yordamlar ko‘rsatilib, yashash manzillariga yetib olishlari uchun eng kam ish xaqqining bir barovari miqdorida pul mablag‘lari ajratilgan.