TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekistonda qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashning yangi tartibi joriy qilindi.
Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida 1991-2015 yillarda 60 mingta qonun hujjati joylashtirilgan bo‘lsa, oxirgi 3-yilda 13 ming hujjat joylashtirilgan.
Keyingi bir yil ichida esa faqat tadbirkorlik sohasida 400 ga yaqin, investitsiya sohasida esa 300 tadan ortiq qonun hujjati qabul qilingan.
Adliya vazirligidagi yig‘ilishda qabul qilinayotgan barcha qonun hujjatlari ijrosi to‘liq ta’minlanyaptimi degan savol ko‘ndalang qo‘yildi.
“Bu savolga yuz foiz ijobiy javob berish mushkul. Chunki qog‘ozda qolib ketayotgan hujjatlar yo‘q emas. Hujjatlar tegishli idora va tashkilotlarga yetib borapti-yu, ijroga kelganda unga panja orasidan qarash holatlari kuzatilmoqda. Bu ijro mexanizmidagi ayrim kemtikliklar bilan bog‘liq”, - deyiladi xabarda.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezident qabul qilingan qonun hujjatlarining ijrosi yuz foiz ta’minlanishi bo‘yicha talab qo‘yganini ta’kidladi.
Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoringni o‘tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Endilikda joriy etilgan yangi tartib bo‘yicha har bir idora o‘zining faoliyatiga taaluqli bo‘lgan qonun hujjatlarining ijrosini monitoring qiladi. Bundan tashqari, har bir davlat tashkilotining o‘z sohasi bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlarining ijrosi qattiq nazoratga olinadi va sarhisob qilinadi.
Adliya vazirligiga davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etish, takroriy huquqiy monitoring o‘tkazish hamda huquqiy monitoringni o‘tkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish huquqlari berildi.
Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 2-noyabrdagi “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shu yo‘nalishda uchrayotgan kamchiliklarga barham berishga qaratilgan.