TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan rahbarlik lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
General-mayor Ikromov Azizbek Isroilovich O‘zbekiston ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Polkovnik Rahmatullayev Ayubxon Toshxo‘jayevich ichki ishlar vazirining o‘rinbosari-moliya va moddiy texnika ta’minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. 2018-yil iyunidan buyon Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari — moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Polkovnik Abdullayev Bekmurod Tojimirzayevich IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. 2018-yil oktabridan Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
Polkovnik Saidov Olim Choriqulovich IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u Unusobod tuman ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, ungacha — Toshkent viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari va Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Polkovnik Ulug‘bek Muhamedov Toshpo‘latovich IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Ilgari u prezident administratsiyasida mutasaddi xodim bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mudofaa vazirligi tizimida qator o‘zgarishlar amalga oshirilgani xabar qilingan edi.