2020 yildan aholini uy-joy bilan ta’minlashda yangi tizim joriy etiladi

Davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni qo‘llab-quvvatlaydi. Ipoteka kreditlari berish uchun resurslar miqdori banklar va hududlar bo‘yicha cheklanmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 23 noya - Sputnik. Keyingi, 2020-yildan boshlab, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida yangi tizim joriy etiladi. Endi uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot-xizmati.

O‘zbekistonda yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy qurib bitkaziladi

Bunda davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni qo‘llab-quvvatlaydi. Ipoteka kreditlari berish uchun resurslar miqdori banklar va hududlar bo‘yicha cheklanmaydi.

"Uy-joy siyosatida yangi tizimga o‘tayapmiz. Bu jarayonda har bir hudud rahbari zimmasiga mas’uliyat va javobgarlikni olib, yangi tizim bo‘yicha turar joy qurishda o‘z tajribasini yaratishi shart. Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, qurilishga nechta salohiyatli tadbirkorlar jalb qilingani, ularga qancha yer ajratilgani, infratuzilma tarmoqlari yaratilgani, uylar sifati va nechta odamni rozi qilgani so‘raladi", – degan Mirziyoyev. 

Uy-joylarni qurish va realizatsiya qilish bo‘yicha respublika komissiyasi joylarga chiqqan holda, qurilish ishlarini nazoratga olishi zarurligi ta’kidlanmoqda.  

Hokimlar eski bino va inshootlarni buzish hisobiga bo‘shagan joylarda uy qurish masalasiga alohida e’tibor berishi shartligi, kompensatsiya pullari to‘lanib, mulk egalari rozi bo‘lmaguncha birorta ko‘chmas mulk buzilishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Davlat idoralari rahbarlari nafaqat o‘zining, balki davlatning ham sha’nini saqlashga mas’ul ekani, xalq bilan, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda kibrga berilmay, vazmin va oqilona, qonunga asoslangan qaror qabul qilishi shartligi ta’kidlangan.