Tojikiston O‘zbekistonga oltin qazib olinadigan hududni berishga tayyormi?

Shu kunlarda o‘zbek-tojik davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma loyihasi ishlab chiqilib, ayni vaqtda Tojikistonning bir necha yuz gektarlik hududi O‘zbekistonga berilishi yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 5 noya – Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma loyihasi barcha kelishuv bosqichlaridan o‘tkazildi va imzolanish uchun tayyor. Bu haqda “Aziya-Plyus” agentligi Tojikiston hukumatidagi manbalarga asoslangan holda xabar qilmoqda.

“Bugungi kunda kelishilgan shartnoma loyihasi imzolanishga tayyor bo‘lib, shartnomaga ikki davlat chegaralarining o‘tish liniyasining aniq nomlari ko‘rsatilgan xaritalar ilova qilinmoqda. Chegaraoldi ustunlarini o‘rnatish joylari ham kelishib olindi”, - deya ma’lumot bergan manba.

O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini demarkatsiya qilish uchrashuvining reja-jadvali kelishib olindi

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistondagi parlament saylovlari tufayli, shartnoma imzolanishi kechroq muddatga qoldirildi.

Bundan avval, “Faraj” tojik axborot nashri tarqatgan xabarga muvofiq, chegara to‘g‘risidagi shartnoma asosida Tojikiston O‘zbekistonga So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida joylashgan 300 gektar yer hududini berishi kutilmoqda. “Maydonda so‘nggi 10 kun ichida hududni po‘lat simlar bilan yopish ishlari olib borilyapti”, qo‘shimcha qilinadi xabarda. Shuningdek, mazkur hududda «Aprelevka” Tojikiston-Kanada qo‘shma korxonasi tomonidan o‘zlashtirilgan oltin koni mavjudligi ham aytib o‘tilgan.

So‘g‘d tumani yer ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jamshed Umarzodaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zbekistonga yer hududining berilishi hali-hanuz ko‘rib chiqilmoqda”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 28-oktabr kuni Dushanbeda Tojikiston va O‘zbekiston delegatsiyalari davlat chegaralarini demarkatsiya qilish yuzasidan muzokara o‘tkazgan edi.