Shavkat Mirziyoyev: olingan meva nobud bo‘lib, tuproqqa qorilmoqda

Yig‘ilishda O‘zbekistonda mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bog‘lar yetarlicha tashkil etilmayotgani, bog‘ va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bog‘lar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 5 noyab - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining o‘rni sezilmayotgani tanqid qilindi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish, keyingi uch yilda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etilgan.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bunga erishish uchun ekin va navlarni to‘g‘ri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarni oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni to‘g‘ri tashkil etish lozim.

Ayrim tumanlarni eksportbop mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi

Bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, o‘rik, olxo‘ri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bog‘lar yetarlicha tashkil etilmayotgani, bog‘ va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi o‘ta past darajada qolayotgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bog‘lar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi.

Hanuzgacha “mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash va qayta ishlash – eksport” zanjirini tashkil etadigan kooperatsiya tizimi joriy qilinmagan.

Yana bir salbiy holat uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining o‘rni sezilmayotgani bilan bog‘liq. 

“Bu kabi muammolar ta’sirida mamlakatimizda mahsulotlarni yig‘ishtirish va saqlashdagi yo‘qotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti, – dedi prezident. – Ya’ni, olingan meva nobud bo‘lib, tuproqqa qorilmoqda. Bunday sharoitda qanday yangi bog‘ va tokzorlar haqida gapirish mumkin?”

Qayd etilishicha, bir qator tumanlar paxta yetishtirishni qisqartirib, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirildi. Afsuski, ushbu yo‘nalishda ham ishlar qoniqarli darajada bo‘lganicha yo‘q. 

Seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani bois mamlakat urug‘likni import qilishga majbur bo‘lmoqda. 

Ta’kidlanishicha, sohada yechimini topishi lozim bo‘lgan masalalar talaygina. Shuning uchun eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjirni ya’ni, kooperatsiya va klaster tizimini tashkil etish kerakligi ta’kidlandi. Bunday yo‘l jahon tajribasida o‘zining samaradorligini isbotladi, klasterning joriy etilishi sohada yuqori natijalarga olib kelayotganini ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekistonda 2025-yilga qadar agrologistika markazlari soni 140 taga yetkaziladi

Shu munosabat bilan prezident O‘zbekistonda bir nechta yirik eksportor klaster tashkil etish, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozor, aniq moliyaviy manba bilan ishlaydigan tadbirkorga biriktirish zarurligini ta’kidladi.