Nobel mukofoti sovrindori O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Taniqli olim Texnion–Isroil texnologiya instituti Materialshunoslik va muhandislik kafedrasi professori Dan Shextman shu kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib, ko‘plab yosh o‘zbek olimlari bilan uchrashishi kutilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 5 noyab - Sputnik. Nobel mukofoti laureati Dan Shextman Innovatsion rivojlanish vazirligining taklifiga ko‘ra, bir haftalik ilmiy-o‘quv dasturi doirasida shu kunlarda O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Texnion–Isroil texnologiya instituti Materialshunoslik va muhandislik kafedrasi professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman joriy yil 4-9 noyabr kunlari Toshkent va Samarqand universitetlarida ma’ruzalar o‘qishi, Ilg‘or texnologiyalar markazi, O‘zbekistondagi iqtidorli bolalar uchun birinchi Prezident maktabi faoliyati bilan tanishishi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilar uchun ochiq dars o‘tkazishi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-texnopark), Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutining katta quyosh pechi noyob ilmiy obyekti bilan tanishishi (Toshkent viloyati, Parkent tumani) hamda yetakchi va yosh olimlari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Nobel mukofoti sovrindori O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Ma’lumot uchun, Dan Shextman kvazikristallarni kashf etgani bois 2011-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrini bilan mukofotlangan. U nafaqat kimyo, balki fizika sohasidagi yutuqlari uchun ham boshqa nufuzli ilmiy mukofotlarga ega. 

1996 yilda professor Shextman Isroil Fanlar akademiyasining a’zosi, 2000-yilda AQSh milliy texnik akademiyasining a’zosi, 2004-yilda Yevropa fanlar akademiyasi a’zosi etib saylangan. Hozirgi kunda professorning kashfiyoti sanoatning turli tarmoqlarida qo‘llanilmoqda, jumladan, metallurgiya, muqobil energetika, optika, elektronika, tibbiyot hamda kosmos sohalarida.