"Ipak yo‘lidagi turizm" Xalqaro yarmarkasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

Yarmarka doirasida ishtirokchilar Sharq bozori, “Ipak yo‘li mazasi” milliy taomlar festivali, O‘zbekiston sayyohlik brendi elchilarining xalqaro forumi, Shahrisabz xalqaro milliy kiyimlar festivalining taqdimoti kabi tadbirlardan bahramand bo‘lishadi.
Sputnik

TOShKENT, 5 noya - Sputnik. Joriy yil 13-15 noyabr kunlari Toshkentda “O‘zekspomarkaz”da “Ipak yo‘lidagi turizm” 25-Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi  o‘tkazilishi kutilmoqda.

Tadbir “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma majmuasida milliy va xalqaro darajadagi ikkita pavilonda o‘rin oladi. Birinchi pavilonda respublika mintaqalarining milliy madaniyati va sayyohlik salohiyatining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi stendlar bo‘lsa, ikkinchisida – xalqaro transport kompaniyalari, davlat tashkilotlari, diplomatik vakolatxonalar, O‘zbekiston va undan tashqarida joylashgan turistik va kurort joylar stendlari namoyish qilinadi.

Turizm mavsumida “Registon” majmuasi yarim tungacha ishlaydi

Yarmarka doirasida ishtirokchilar Sharq bozori, “Ipak yo‘li mazasi” milliy taomlar festivali, O‘zbekiston sayyohlik brendi elchilarining xalqaro forumi, Shahrisabz xalqaro milliy kiyimlar festivalining taqdimoti, hunarmandlar uchun mahorat darslari va mahsulotlar ko‘rgazmasi, O‘zbekiston va Rossiya birinchi sayyohlik forumi va shu kabi boshqa tadbirlardan bahramand bo‘lishadi.

Ko‘rgazmaning ishchi qismida ham O‘zbekistonning, ham xorijiy mamlakatlarning turistik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bir qator taqdimotlar bo‘lib o‘tadi. “Turizm sohasidagi innovatsiyalar”, “Turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga beriladigan imtiyoz va preferensiyalar” mavzularidagi taqdimotlar, “O‘zbekistonning rasmiy yo‘l ko‘rsatkichi” mobil ilovasining taqdimotlari va boshqalar shular jumlasidandir.

Turizm xizmatlari eksporti 1 milliard dollardan oshdi – Akkulov

Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi – “Ipak yo‘lidagi turizm” – O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining turistik sanoatidagi eng yorqin, eng yirik tadbir.

Yarmarka 1995-yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sayyohlik tashkiloti rasmiy ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Har yili ko‘rgazmada dunyoning turli mamlakatlaridan turizm sohasidagi mutaxassislar to‘planadi.