IShID o‘ziga yangi rahbar tayinladi

Abu Bakr al-Bag‘dodiy AQSh harbiylari maxsus amaliyoti natijasida o‘ldirilganidan keyin IShID terrorchilik uyushmasi o‘ziga yangi rahbar tayinladi.
Sputnik

TOShKENT, 1 noya – Sputnik. IShID* o‘z yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirilganini rasman tasdiqlab, yangi yetakchi nomini ma’lum qildi. Abu Ibrohim al-Hoshimi al-Qurayshi IShIDning yangi rahbari bo‘ldi, deb xabar qildi AMAQ nashri.

Yaqin kunlarda IShIDning yangi yetakchisi nomi e’lon qilinadi – AQSh razvedkasi

Bundan tashqari, Al-Bag‘dodiyning yordamchisi Abu Al-Xasan Al-Maxajir ham o‘ldirilganligi ma’lum qilindi.

O‘tgan haftada AQSh prezidenti Donald Tramp “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi.

Trampning so‘zlariga qaraganda, terrorchi AQShning Suriya shimoliy-sharqidagi operatsiyasi natijasida yo‘q qilingan. Amerikalik harbiylardan hech kim jabrlanmagan.

Shuningdek, Tramp maxsus amaliyotning tafsilotlarini ochiqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, “IShID” rahbari harbiylardan yer ostidagi tunnelda yashirinishga uringan va o‘zini portlatib yuborgan. Natijada ko‘plab terrorchilar yo‘q qilingan. Harbiylar 11 nafar bolani ozod qilishgani aytgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Moskvada ushbu terrorchi yo‘q qilingani haqidagi xabarlarni tasdiqlash uchun ishonchli dalillar yo‘qligini ta’kidlagan edi.

* Rossiyada taqiqlangan terrorchilik tashkilot