Mirziyoyev: asosiy vazifamiz - xalqqa munosib ish o‘rinlari yaratib, daromadlarni oshirish

Prezident boshchiligida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-budjet siyosati va 2020-yilga mo‘ljallangan parametrlar ko‘rib chiqildi.
Sputnik

TOShKENT, 31 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-budjet siyosati, davlat budjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020-yilga mo‘ljallangan parametrlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, kelgusi yilga mo‘ljallanayotgan prognoz parametrlari, iqtisodiyotga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan ichki va tashqi omillar chuqur tahlil qilindi. 

Xalqaro ekspertlar, xususan Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yilda jahon yalpi mahsuloti o‘sishi dastlabki prognozga nisbatan 1 foizgacha kamayib, 3 foiz bo‘lishini baholagan. Mamlakatning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlarda ham iqtisodiy sur’atlar sustlashgan. Jahon bozorida raqobat tobora kuchayib, iqtisodiy urushlar davom etmoqda. Bu omillar O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir etmay qolmaydi.

Shavkat Mirziyoyev uni har kuni qaysi savol qiynashini ma’lum qildi

Prezident makroiqtisodiyot va davlat budjeti parametrlarini ushbu xavf-xatarlarni hisobga olib belgilash lozimligini ta’kidladi.

“Iqtisodiyot tarmoqlarini “oyoqqa turg‘azish”, raqobatbardosh qilish uchun keyingi ikki yilda ularga barcha imkoniyatlar berildi. Biroq, bu imkoniyatlardan foydalanib, qaysi tarmoq mehnat unumdorligini oshirdi, mahsulotlar raqobatbardosh bo‘lishi va eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi ko‘payishini ta’minlay oldi? Afsuski, birorta tarmoqni bugungi kunda “zo‘r ishladi yoki yuqori natija berdi”, deb ayta olmaymiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi tizimli muammolar, inflyatsiya darajasining 16 foizdan pasaymagani aholi to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Asosiy vazifamiz – xalqimizga munosib ish o‘rinlari yaratgan holda, daromadlarni oshirish. Joylarda iqtisodiy faol aholi ko‘p. Odamlarimiz daromad topib, turmush sharoitini yaxshilash uchun mehnat qilishni xohlamoqda. Buning uchun aholi to‘lov qobiliyatini oshirish va bozorda mahsulotlarga barqaror talab shakllantirish orqali ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashimiz kerak, – deya ta’kidladi davlat rahbari. 

Misol uchun, qandolat, tayyor sut va go‘sht mahsulotlari, sharbat va salqin ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha 100 dan ziyod muhim investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida iste’mol talabi qondirilib, inflyatsiya meyorlashishi mumkinligi qayd etildi.

Oziq-ovqat, go‘sht, un va qandolat mahsulotlari, kiyim-kechak, charm-poyabzal, elektrotexnika, farmatsevtika ishlab chiqarish hajmini 2020-yilda sezilarli ko‘paytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Inflyatsiya darajasiga ta’sir etayotgan yana bir omil mahsulotlar tannarxi yuqoriligidir. Shu bois mutasaddilarga davlat ulushi bo‘lgan barcha korxonalarda mahsulot tannarxini tahlil qilib, quvvatlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, zarur hollarda xususiy sektorga berish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. 

Eksport, investitsiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi

Kelgusi yilda 153 ta yirik investitsiya loyihasini shunchaki foydalanishga topshirish emas, balki raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarib, yalpi ichki mahsulot hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.  

Oxirgi yillarda tashkil etilgan 23 ta korxona past quvvatlarda ishlayotgani, rejalashtirilgan ayrim loyihalar o‘z vaqtida faoliyat boshlamagani tanqid qilindi. 

Vazirlar Mahkamasiga iqtisodiy o‘sish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan, budjetga tushumlarni ko‘paytiradigan investitsiya loyihalarini shakllantirishga mas’ul bo‘lgan doimiy Ishchi komissiya tuzish, investitsiya loyihalari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ijrosini muhokama qilib borish bo‘yicha topshiriq berildi.