Saida Mirziyoyeva ko‘zi ojiz inson hayotining o‘n daqiqasini ta’sirli tasvirladi

1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida sport sohasidagi yirik voqealardan biri – Samarkand Half Marathon bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston tarixida birinchi xayriya yarim marafonidir.
Sputnik

TOShKENT, 30 okt - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva xayriya yarim marafonining asl maqsadi haqida gapirdi hamda madaniyat va san’at obyektlari hammabop va inklyuziv bo‘lishi uchun O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berdi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 15% ini, ya’ni 1 milliarddan ortig‘ini u yoki bu shaklda ko‘rish qobiliyati buzilgan shaxslar tashkil etadi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-yilda respublikada 710 ming nafardan oshiq imkoniyati cheklangan shaxs ro‘yxatga olingan.

Saida Mirziyoyeva Samarqandda o‘tkaziladigan yarim marafonning asosiy maqsadi haqida to‘xtalar ekan, bu inklyuziya va inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihasi ekanligiga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston ko‘zi ojiz fuqarolar uchun saylov bulletenlarini Brayl alifbosida tayyorlaydi

"Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga ko‘ra, salomatligidan qat’iy nazar har bir odamga jamiyatdagi moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lishga va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. Samarqand yarim marafoni asl maqsadi ham shu", - dedi u va bu kabi - jamoatchilik e’tiborini madaniyat obyektlaridagi inklyuzivlik muammosiga qaratish g‘oyasi bilan sug‘orilgan tadbirlar davomli ko‘rinishda o‘tkazilishi lozimligini qo‘shimcha qildi.

Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, yarim marafonni o‘tkazish uchun bejizdan Samarqand shahri tanlanmagan.

"Milliy-madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham bemalol foydalana oladimi? Buning uchun imkoniyati cheklangan shaxslarga qanchalik qulayliklar yaratilgan? Ushbu loyihaga tayyorgarlik jarayonida O‘zbekiston Madaniyati vazirligi qoshidagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi inklyuzivlik muammolariga oid izlanishlar olib bordi. Respublikamizdagi teatr, muzeylar va kutubxonalarda trening va monitoringlar o‘tkazildi. O‘zbekistondagi deyarli barcha madaniyat muassasalari inklyuziv toifa vakillariga moslanmagan", - xulosa qildi AOKA rahbari o‘rinbosari.

Saida Mirziyoyeva ko‘zi ojiz inson hayotining o‘n daqiqasini ta’sirli tasvirladi

Ko‘zi ojiz insonga oson-qiyinligini his qilish uchun Mirziyoyeva OAV vakillariga o‘n daqiqa o‘zlarini inklyuziv toifa vakillari o‘rniga qo‘yib ko‘rishni taklif etdi.

"Faraz qiling, hozir, yig‘ilishdan so‘ng ko‘zingizni yumib, xonadan chiqib ketishga to‘g‘ri kelsa agar, xuddi shu holatda zinadan tushib transportga o‘tirib, ishga yoki boshqa manzilga yo‘l olsangiz... Besh-o‘n daqiqa, nari borsa yarim soat ko‘zingizni "chirt" yumib yashasangiz... Tasavvur qilish qiyin... Kimlardir bu holatda bir umr yashaydi".

Mirziyoyeva ushbu marafon imkoniyati cheklangan, sog‘lig‘ida muammosi bor shaxslar uchun foydaliligini yana bir karra ta’kidladi. Hamda bunday tashabbuslar, inklyuziv toifa vakillaridan ko‘ra, bizga, o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb biladigan, bu olamning ne’matlaridan bemalol bahramand bo‘ladigan insonlarga zarurroq ekanligini, toki “zamonaviy, tezkor dunyoda ko‘nglimiz qotib qolmasligi, ko‘zimiz ochiq bo‘la turib, qalbimiz ko‘r bo‘lmasligi uchun”.