Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

Yangi tizimga muvofiq, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tomonidan yer va ipoteka krediti uchun banklarga mablag‘ ajratiladi.
Sputnik

TOShKENT, 28 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-oktabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Faol yosh oilalar imtiyozli uy-joyga ega bo‘ladilar

Yig‘ilishda ipoteka tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlarini joriy etish, sohada xususiy sektorning o‘rnini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yangi tizimga muvofiq, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tomonidan yer va ipoteka krediti uchun banklarga mablag‘ ajratiladi.

Uy-joylar narxining oshib ketmasligi va xamonbop bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi. Xususan, 2020-yildan boshlab 16 mingta oilaga boshlang‘ich badal va kredit foiz xarajatlari uchun budjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali uylar boshlang‘ich badalining 10 foizi hamda Toshkent shahri uchun 12 foiz, qolgan shaharlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari qoplab beriladi. Mazkur yangi tizim kelasi yildan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hamda poytaxtda tajriba tariqasida joriy etiladi. Qolgan hududlarda eski tartib saqlanib qolib, yangi tizim unga raqobatchi bo‘ladi.

Rishtonda 1000 ta arzon uy quriladi

Yig‘ilishda uy-joylarni tanlashda haqiqatan muhtoj oilalarni tanlab olish mezonlari yo‘qligi, tanish-bilishchilik va suiiste’mol holatlari borligi tanqid qilindi. 

Mutasaddilarga kam ta’minlangan oilalarni tanlashning shaffof mezonini ishlab chiqish, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining tuman (shahar) bo‘limlarida Doimiy ishchi komissiyalari tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Komissiyada bank, moliya, soliq, mahalla va boshqa idoralar vakillari ishtirok etishi, uylarni berish keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda qishloqlarda uy-joy qurish tizimini isloh qilish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bu borada ham raqobat va sifat bo‘lishi uchun buyurtmachi funksiyasi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazilishi belgilandi. 2020-yilda 12 mingta uy-joydan 8 mingtasi amaldagi tartib bo‘yicha, 4 mingtasi xususiy sektor tomonidan qurilishi ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga uy-joylarni xususiy sektor tomonidan qurishning yangi tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi. 

O‘zbekistonda mehnat migrantlariga uy beriladi

Masalan, g‘isht o‘rniga gazobeton va penobetondan foydalanilsa, ishlab chiqarishda gaz sarfi 8 baravar kamayadi hamda issiqlik saqlash 5 baravar oshadi. 

Yig‘ilishda, shuningdek, shaharsozlik normalarini takomillashtirish, qishloqlarda qurilayotgan uylarni muhandislik infratuzilmasiga ulash, ekin yerlariga o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilishini oldini olish va muhofazasini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tildi.  

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.