TOShKENT, 26 okt - Sputnik. Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi Urganchdagi bog‘chalarning birida bolalarga nisbatan kuch ishlatgan tarbiyachi voqeasiga rasmiy munosabat bildirdi.
Xabarda aytilishicha, ayni kunda holat MTV tomonidan nazoratga olingan.
MTT kuzatuv kameralaridagi mavjud videotasvirlar tegishli huquq tartibot idoralariga taqdim etiladi. Videokuzatuv kamerasi xotirasi saqlanuvchi xona muhrlangan.
Holat yuzasidan MTTda tarbiyalanayotgan bolalarning ota-onalari, MTT kuzatuv kengashi a’zolari, viloyat prokuraturasi, kasaba uyushmasi, ichki ishlar idorasi vakillari ishtirokida umumiy yig‘ilish o‘tkazilishi belgilangan. Yig‘ilish videotasvirga olinishi qo‘shimcha qilingan.
"Ushbu holat bo‘yicha tarbiyachiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab Urganch tumani prokuraturasiga murojaat qilinishini bildirib o‘tamiz. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va uning borishi bo‘yicha barcha tafsilotlar keng jamoatchilikka taqdim etiladi", - deyiladi xabarda.