TOShKENT, 26 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bank tizimini isloh qilish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot-xizmati.
Prezident oxirgi yillarda davlat budjetidan tijorat banklariga dasturlarni moliyalashtirish uchun 8,4 trillion so‘m, aylanma mablag‘lar uchun 400 million dollar, ustav kapitalini oshirish uchun 1,7 milliard dollar mablag‘ ajratilganini eslatib o‘tdi. Umuman olganda, so‘nggi ikki yil ichida banklar kapitalizatsiyasini oshirish uchun 3,3 milliard dollar davlat mablag‘lari berildi.
Mirziyoyev bu mablag‘lardan samarali foydalanilmayotgani, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish, mijozlar va bank daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlar yetarli emasligini tanqid qildi.
"Endi banklar resurs jalb etish bo‘yicha "o‘z aravasini o‘zi tortishi" kerak. Shundagina bozor sharoitiga mos, zamonaviy boshqaruv tizimiga ega moliyaviy institutga aylana oladi", – dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Markaziy bank huzurida tashkil etilayotgan Bank xodimlarini qayta tayyorlash korporativ markazi va Toshkent moliya instituti bu borada jiddiy shug‘ullanishi kerakligi aytildi.
Bank xodimlarining mijozlar bilan ishlashini rag‘batlantirish, ular faoliyatini samaradorlikka qarab baholash indikatorlarini joriy etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.