TOShKENT, 24 okt – Sputnik. O‘zbekiston Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning axbrot xizmati 5,0 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi qayerga “yo‘qolib qolayotganini”tushuntirdi.
Yaqinda internet sahifalarida O‘zbekiston iste’molchilariga joriy yilda 69 milliard kVt.soat elektr energiyasi zarur bo‘lishi, ishlab chiqarish esa 64 mlrd kVt.soatni tashkil etishi (rasmiy ma’lumot), go‘yoki yetmayotgan 5,0 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilinayotgani haqida ma’lumotlar (ayrim internet foydalanuvchilarining fikr-mulohazalari) tarqaldi.
Ko‘pchilikka ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining yuqori kuchlanishli havo liniyalari chegaradosh mamlakatlarning magistral elektr tarmoqlari bilan barqarorlikda ishlaydi. Qo‘shni mamlakatlar dispetcherlik xizmatlari o‘zaro muvofiqlashuv asosida mintaqaning energiya xavfsizligini ta’minlaydi. Buning sababi oddiy, magistral elektr tarmoq loyihalari MDH davlatlari hali Sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lganida loyihalashtirilgan va bir-biriga chambarchas bog‘liq holda qurilgan.
Demak, O‘zbekiston elektr energiyani eksport qilishi qatorida import ham qabul qiladi. Masalan, joriy yilning 9 oyida davomida (yanvar-sentabr) import qilingan elektr energiyasi hajmi jami 2,6 mlrd. kVt/soatni tashkil etgan. Shundan faqat 1,2 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilingan.
Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr ta’minoti to‘xtatilgani haqidagi xabarga izoh berildi
Bu va bu kabi masalalarning mohiyatini darrov tushunish qiyin... Buning uchun tizim faoliyati va xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish talab etiladi. Ta’kidlanishicha, ichki iste’mol uchun mo‘ljallangan elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilinmaydi.
Qolaversa, bu masala siyosiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etadi.
“Alohida ta’kidlash joizki, elektr energiyasi eksportining iqtisodiy tomoni ikkilamchi bo‘lib, asosiy maqsad — qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlash, shu yo‘l bilan afg‘on diyorida barqaror vaziyatni ta’minlashga hissa qo‘shishdan iborat. Mazkur amaliyotning asosida hukumatlararo kelishuvlar mujassam”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, energiyadan noto‘g‘ri va besamar foydalanish oqibatida yuzaga keladigan turli avariyalar, modernizatsiya dasturiga muvofiq yuqori va o‘rta kuchlanishli podstansiyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, simog‘ochlarni almashtirishdagi vaqtinchalik uzilishlar, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan paytdagi vaqtinchalik tarmoqdan uzib turish va shunga o‘xshash boshqa xavfsizlik talablariga muvofiq (masalan, yong‘in xavfsizligi) uzilishlar elektr energiya sohasidagi xalqaro eksport va import masalalari bilan bevosita bog‘liq emas.
Ertaga “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish loyihasi imzolanadi