MIB 9 oy ichida aholidan uch trillion so‘mdan ziyod mablag‘ undirdi

Shuningdek, Buro tomonidan 2017-yilning iyul oyidan joriy yil oktabr oyiga qadar 17 335 nafar iste’molchidan 28 milliard 273,9 million so‘mlik norel qarzdorliklar olib tashlangan.
Sputnik

TOShKENT, 23 okt - Sputnik. Iste’molchilardan energiya resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha undiruv o‘tgan yilning 9 oyiga nisbatan 1 trillion 381,4 milliard so‘mga oshdi, deb xabar qildi bugun jurnalistlar bilan uchrashuvda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi Toshkent shahar boshqarma boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Xamidulla Abduvaliyev.

Paxtachida ayol MIB xodimini tayoq bilan kaltakladi

Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.

Boshqarma va uning tuman bo‘limlari tomonidan iste’molchilardan energiya resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida 3 trillion 145 milliard 368 million so‘m undirilgan.

"Shundan elektr energiyasidan 1 trillion 424 milliard 445 million so‘m, tabiiy gazdan 1 trillion 427 milliard 302 million so‘m va suv ta’minotidan 293 milliard 620 million so‘m undirilgan. Undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 trillion 381,4 milliard so‘mga oshgan", - deb qayd etdi Abduvaliyev.

Shuningdek, buro tomonidan noreal yoki assossiz qarzdorlik hisoblanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ham amalga oshirilgan.

Jumladan, 2017-yilning iyul oyidan 2019-yil oktabr oyiga qadar 17 335 nafar iste’molchiga nisbatan 28 milliard 273,9 million so‘mlik norel qarzdorliklar olib tashlangan. Hozirda buroning 1 nafar davlat inspektori "O‘zbekenergo", "O‘ztransgaz" va suv ta’minoti, maishiy chiqindi korxonalarini o‘rtacha 6 nafar nazoratchisining ish hajmini bajarmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Majburiy ijro burosi O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-maydagi "Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni asosida tashkil etilib, 1 iyun kunidan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.