Yashirin dollar: O‘zbekistondan valyuta olib chiqishga uringan shaxslar to‘xtatildi

Naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy tarzda olib chiqish holatlari yuasian surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 18 okt – Sputnik. Toshkent viloyati boshqarmasi chegara bojxona postlari orqali naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy tarzda olib chiqish bir nechta holatlari aniqlandi. 

O‘zbekistondan noyob maymun bolasini olib chiqishga uringan shaxslar qo‘lga olindi

Jumladan, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro Sh.I. bojxonachilar e’tiborini tortdi va u xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Natijada, fuqaro Sh.I. egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda 19700 dollarni O‘zbekistondan yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishi o‘z vaqtida aniqlandi.

Yana bir holatda “Navoiy” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, qo‘shni davlatga o‘tish maqsadida ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro T.B. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, uning egnidagi kiyimlari orasiga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda malum qilinmagan 7 200 dollar naqd xorijiy valyutalari yashirilganligi aniqlandi.

Shuningdek, “S.Najimov” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro M.Sh. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tekshiruv jarayonida ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatmasdan, 3550 dollar naqd xorijiy valyutalarini yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishi fosh qilindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.