TOShKENT, 18 okt – Sputnik. Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 20 ta medal qo‘lga kiritgan o‘smir bokschilari Toshkentda tantanali kutib olindi, deb xabar qildi O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi BAAning Fujayra shahridagi Osiyo chempionatida ishtirok etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonliklar musobaqada 23 nafar bokschi bilan ishtirok etib, 20 ta medal qo‘lga kiritishdi (8 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronza).
Bugun qit’a chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan bokschilar respublikaga qaytib kelishdi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida “O‘zbekiston Temir yo‘llar” AJ mutasaddilari, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari va MOQ vitse-prezidenti Saken Polatov, Toshkent shahar hokimligi vakillari, sportchilarning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.