O‘zbekistonda umr davomiyligi rekord tempda oshmoqda

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda "Sog‘lom va omadli keksalik" konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. U keksa yoshdagi kishilar umrini uzaytirishga qaratilgan
Sputnik

TOShKENT, 16 okt - Sputnik. O‘zbekistonliklar umr davomiyligi o‘sishi bo‘yicha rekord natijalarni o‘rnatmoqda. Bu haqda 16-oktabr kuni o‘tkazilgan "Aholi muammolarini hal etishda mahalla institutining roli: O‘zbekiston tajribasi" mavzusidagi matbuot anjumanida xabar qilindi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabariga asosan.

Butun dunyoda umr davomiyligi shiddat bilan uzaymoqda

Ta’kidlanishicha, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan olamshumul ishlarning natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda aholining turmush sifati yaxshilandi, farovonligi oshdi. Bu esa o‘rtacha umr davomiyligi 67 yoshdan 73,5 yoshga, shu jumladan, erkaklarda 66 yoshdan 71 yoshgacha, ayollarda 70 yoshdan 75,8 yoshgacha ortishiga imkoniyat yaratdi.

Bugun mamlakatda aholining turmush darajasini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar – kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirishga qaratilgan ishlarning barchasi mahallaning bevosita ishtiroki orqali amalga oshirilmoqda, deya ta’kidlandi tadbirda.

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda "Sog‘lom va omadli keksalik" konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani aytildi. Konsepsiya  keksa yoshdagi kishilarda sog‘lom hayot tarzi va salomatlikni asrash uchun shaxsiy mas’uliyat hissini tarbiyalash orqali ularning umr davomiyligini uzaytirishga qaratilgan.