O‘zgidromet Toshkent tumanlarida havo nimadan ifloslanganini ochiqladi

Toshkent shahrida atmosfera havosi kuzatuvlari shaharning 8 ta tumanida joylashgan 13 ta kuzatuv punktida amalga oshiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 11 okt - Sputnik. O‘zgidromet Toshkentda atmosfera havosining ifloslanishini kuzatish bo‘yicha ma’lumotlarini e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi statsionar va ko‘chma manbalardan ajralib chiqadigan zararli moddalar miqdoriga bog‘liq. Havoga zararli moddalar chiqaradigan asosiy manbalar avtotransport, sanoat korxonalari, qozonxonalar, metallurgiya korxonalaridir.

“Masalan, O‘zgidrometning statsionar punktlari joylashgan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida azot dioksidi, uglerod oksidi, Yashnobod tumanida chang, uglerod oksidi, azot oksidi, Mirzo Ulugbek tumanida ko‘proq chang, azot va uglerod dioksidlari, Chilonzorda azot dioksidi, Mirobod tumanida fenol, azot dioksidi, Sergelida formaldegid va azot dioksidi bir martalik maksimal miqdori ruxsat etilgan meyorlardan yuqoriligi qayd etiladi”, - deyiladi xabarda.

Toshkent shahrida atmosfera havosi kuzatuvlari shaharning 8 ta tumanida joylashgan 13 ta kuzatuv punktida amalga oshiriladi. Shahar xususiyatlarini e’tiborga olib havo ifloslanishi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida bu punktlar turli funksional zonalarda, ya’ni turar joy , sanoat, avtomobil yo‘llari oldida joylashgan.

O‘zbekiston havosi iflos mamlakatlar reytingida nechanchi o‘rinda?

Atmosfera havosi ifloslanishi chang, oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, karbonat angidrid, fenol, ftorli vodorod, ammiak, formaldegid, og‘ir metallar ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi. Buning uchun kuzatuv postlarida yakshanbadan tashqari har kuni soat 7:00, 13:00, 19:00 da havo namunalari olinadi.

Eslatib o‘tamiz, dunyo shaharlaridagi ifloslanish va havo sifati indeksini tahlil qiluvchi The World Air Quality Index’ning eng yirik onlayn-monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent havosi iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagani ma’lum qilgan edi. O‘zgidromet Toshkentning havosi eng iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallashi noto‘g‘ri ma’lumot deb atagan edi.