TOShKENT, 11 okt - Sputnik. Respublikada valyuta ayirboshlash xususiy shoxobchalari nima uchun hali-hanuz ochilmayotganligi borasida O‘zbekiston Markaziy banki izoh berdi, xabar qiladi Spot.uz.
O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Yangi hujjatda valyuta ayirboshlash xususiy shoxobchalarining faoliyati nazarda tutilmagan.
Markaziy bank boshqaruv raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirovning so‘zlariga qaraganda, qonun tayyorlanishi jarayonida mazkur masala bir necha bor ko‘tarildi. Qonun chiqaruvchilari xalqaro tajribani o‘rganib chiqdi.
“Rossiya va Tojikistonda bunday tajriba bo‘lgan, ammo u o‘zini oqlamagan. Xususiy sektorga valyutani sotish va xarid qilish bilan shug‘ullanish huquqi berilgandi. Ammo suiste’molliklar boshlanib ketdi”, - dedi Abubakirov.
Uning so‘zlariga qaraganda, tadbirkorlarning ko‘pincha valyutaga real bo‘lmagan kurslar o‘rnatishi, qalbaki kupuralar sotishi va asossiz yuqori foizlar olishi kuzatila boshlandi. Tabiiyki, bundan oddiy aholi zarar ko‘ra boshladi.
Valyutani sotish va xarid qilish bilan faqat banklar shug‘ullanishidan maqsad jinoiy faoliyatdan tushgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishdir, deyiladi izohda.
“Bugungi kunda valyutalarni sotish va xarid qilish operatsiyalari bilan faqat banklar shug‘ullanishi maqsadga muvofiq deb topildi”, - deya xulosa qildi iqtisodchi.