Atambayev o‘zi figurant bo‘lgan jinoyat ishi majlisiga kelishdan bosh tortdi

Aynan shu jinoyat ishi tufayli Qirg‘izistonda katta tartibsizliklar sodir bo‘lgan edi. Unda 130 dan ortiq kishi jabrlandi va bir nafar spesnaz yaralanib halok bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 11 okt - Sputnik. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev “jinoiy avtoritet” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi bo‘yicha sud majlisiga kelishdan bosh tortdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.

Bugun Bishkekning Pervomaysk tuman sudida qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi bo‘yicha sud majlisi boshladi. Ushbu jinoyat ishida Atambayev asosiy figurantlardan biri hisoblanadi.

“Qo‘riqchilar boshlig‘i Almazbek Sharshenovich sudga borishdan bosh tortganini aytdi. O‘zimdan shuni qo‘shimcha qilamanki, u (Atambayev – tahr.) ilgari ham ushbu barcha qonunga xilof harakatlarda ishtirok etmoqchi emasligini aytgandi”, - degan sobiq prezidentning advokati Sergey Slesarev.

Atambayev holidan xabar olindi. U nimadan xavotirda?

Advokatning so‘zdariga ko‘ra, keyingi sud majlisi 14-oktabr kuniga tayinlangan. Hozircha keyingi sud majlislarida sobiq prezidentning ishtirok etishi yoki etmasligi noma’lum.

Batukayev ishi

Aziz Batukayev 2006-yilning avgust oyida Alamudin tuman sudi hukmi bilan 16-yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, uning  molu mulki musodara qilingan. Batukayev 2006-yilda Bishkek shahri yaqinida koloniyada ommaviy tartibsizlik uyushtirganlikda va hujum paytida Qirg‘iziston parlamenti deputati Tinichbek Akmatbayev, jazoni ijro etish boshqarmasi rahbari Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki nafar xodimini o‘ldirishda ayblangan.

Aziz Batukayev 2013-yil 9-aprelda “og‘ir kasallik” tufayli shartli ravishda ozod qilingan. U bundan foydalanib, Qirg‘iziston hududini tark etgan.

Qirg‘iziston IIV ma’lumotiga ko‘ra, Batukayev hozirda Chechenistonda noqonuniy qurol saqlagani uchun jazo muddatini o‘tamoqda.

“Jinoiy avtoritet”ga nisbatan jinoiy ishni qayta qo‘zg‘atilganini 17-aprel kuni Qirg‘iziston bosh prokurori Otkurbek Jamshitov ma’lum qildi.

Almazbek Atambayevga mazkur jinoyat ishi yuzasidan so‘roqqa kelish to‘g‘risida uch marta chaqiruv qog‘ozi yuborilgan edi. Qirg‘iziston IIV ta’kidiga ko‘ra, aynan Atambayev Aziz Batukayevni ozod qilish to‘g‘risida farmon bergan. Sobiq prezidentning so‘roq kelishdan bosh tortishi, uni kuch bilan qo‘lga olish maxsus amaliyoti bilan yakunlandi.