TOShKENT, 8 okt — Sputnik. O‘zbekiston hukumati 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot (YaIM) ko‘rsatkichining 2,1 barobargacha, aholi jon boshiga YaIMning 3 barobargacha (4 538 AQSh doll.) o‘sishiga erishmoqchi. Bu haqda vazirlik tomonidan muhokamaga qo‘yilgan konsepsiya loyihasida e’lon qilingan.
Unda aytilishicha, belgilangan maqsadlarga erishish uchun yillik o‘rtacha iqtisodiy o‘sishni 6,4%dan past bo‘lmagan sur’atda saqlab turish talab etiladi.
Aholi jon boshiga YaIM o‘sishining rejalashtirilgan sur’ati respublikaning daromad darajasi o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishiga, mehnat bozorida og‘ir ahvol darajasini pasaytirishga, aholi daromadlari o‘sishini ta’minlash va kam ta’minlanganlikni ikki baravar qisqartirishga, kishilarning yashash joyiga (20 kvadrat metr), sifatli ichimlik suviga (100%) va elektr energiyasiga (100%) bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirishga imkon yaratadi.
Taxminlarga ko‘ra, islohotlar natijasida fuqarolarning o‘rtacha umr ko‘rishi 78-80 yoshgacha oshishi, o‘lim ko‘rsatkichi esa bir yarim baravarga qisqarishi kutilmoqda.
2018-2030 yillarda respublikada YaIM o‘sishining asosiy omillari sifatida quyidagilar belgilanmoqda: sanoatning real hajmi 2,3 baravarga (YaIM hajmi 2018-yilgi 26,3% dan 2030-yil 33,3% gacha oshirilishi), qurilish ishlari 2,1 baravarga (5,7% dan 6,4% gacha), xizmat sohasining 2,1 baravarga (35,6% dan 39,3% gacha) o‘sishini ta’minlash, qishloq xo‘jaligidagi ulushni 1,8 baravarga (32,4% dan 21% gacha) pasaytirish.
Eksport hajmlarining uch marotabagacha oshirilishi iqtisodiyotda ishlab chiqarish salohiyatining o‘sishini ta’minlab berishi ko‘zda tutilgan.
Avval xabar qilinganidek, prezident Shavkat Mirziyoyev QQS stavkasini 20% dan 15% gacha pasaytirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Yangi soliq stavkasi 1-oktabrdan kuchga kirdi.