Andijonda o‘qituvchi hamkasblarini ayovsiz kaltaklatdi

Maktabda pedogoglar o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Bunga kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi sabab bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 8 okt - Sputnik. Andijon shahridagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida pedagoglar kaltaklandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, maktabda soat 13:20 da ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yu. ga og‘zaki ogohlantirish bergan. So‘ngra ular o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Tortishuv natijasida D.Yu.  ularga turmush o‘rtog‘i bilan tahdid qilgan.

XTV maktab formasida kelmagan o‘quvchiga qanday jazo qo‘llash mumkinligini aytdi

Soat 13:35 larda D.Yu. turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. larni maktab kirish qismida temir tayoq bilan kaltaklagan.

Shu paytda ularni ajratgan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni ham do‘pposlashga uringan.

Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan.

Profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib kelgan, lekin D.Yu. ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lgan.

Jabr ko‘rganlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib ketildi.

Kogonda o‘quvchilar paxtaga olib chiqilgani haqidagi xabar o‘rganilmoqda – XTV

“Shifokorlar xulosasiga ko‘ra Sh.O‘. miya chayqalishi, burun sinish, yuzining o‘ng qismining ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi kattiq zarbada jarohatlangani, G‘.A.ning miya chayqalishi, burun va ikki tishi sinishi, badani hamda chap qo‘lini zarbadan qattiq jarohatlangani aniqlangan”, - deyiladi xabarda.

Barcha muolajalar o‘z vaqtida qilinganligi sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi holatda hamda doimiy shifokorlar nazoratida.

Andijon shahar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.