Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni tug‘ilgan kuni bilan muborakbod etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Sputnik

TOShKENT, 5 okt - Sputnik.  O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Suhbat avvalida davlat rahbari prezident Emomali Rahmonni tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tiladi.

Tojikiston rahbari mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

Emomali Rahmon prezidentlarni qanday kutib oldi?

Siyosiy iroda va qabul qilingan amaliy qadamlar tufayli O‘zbekiston-Tojikiston ko‘p qirrali munosabatlari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga - strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. O‘tgan yilgi oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida muhim kelishuvlarga erishildi va ikki tomonlama hamkorlikning eng o‘tkir masalalari bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlar topildi.

So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobar ortdi, havo, avtomobil, temir yo‘l transporti qatnovi salmoqli darajada kengaydi. Chegaradosh hududlar o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Madaniy-gumanitar almashinuv faollashdi.

Tojikiston va O‘zbekiston yil davomida qanday yutuqlarga erishdi?

Davlat rahbarlari hamkorlikning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va har tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar.