O‘zbekiston Turkiy Kengashga nega a’zo bo‘ldi?

O‘zbekiston Turkiy Kengashga nega a’zo bo‘ldi? O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayev bu boradagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Sputnik

TOShKENT, 4 okt - Sputnik. O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayev respublikada so‘nggi uch yilda tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalar sohasida amalga oshirilgan va joriy islohotlar yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Maqolada mamlakatning xalqaro hamkorlikdagi maqsad va vazifalari aniqlashtirilganligi va boyitilganligi qayd etilgan holda, respublika ilgarigi, asosan ikkitomonlama munosabatlar bilangina cheklanmasdan, bora-bora ko‘ptomonlama mexanizmlarga ham e’tiborini kuchaytirayotgani e’tirof etiladi.

Turkiy tillarda so‘zlashuvchi davlatlar Sammitida imzolangan hujjatlar

“Yangi O‘zbekiston” tushunchasining xalqaro maydonda paydo bo‘lganiga ham maqolada alohida urg‘u berilgan.

O‘zbekistonning yaqin kunlarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lganligiga asoslar qatorida quyidagilar keltirib o‘tilgan:

- kengash davlatlari - Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan respublikaning aloqalari ilgari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganligi;

- Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 % dan ziyod oshgani;

- Markaziy Osiyo va undan ham kengroq makromintaqada faoliyat ko‘rsatayotgan muhim xalqaro tashkilotlardan birining boshqaruvida, uning kun tartibi, kelajagi, ustivor yo‘nalishlarini belgilashda bevosita ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgani;

- savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirishga imkon yaratilishi;

- istiqbolda, xalqaro tranzit, transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish imkoniyatlari.

Turkiy kengash bosh kotibining Toshkentga tashrifi kutilmoqda

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston joriy yil 16-sentabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish orqali to‘laqonli a’zo bo‘ldi.

Shu kunlarda kengash bosh kotibi Bag‘dod Amreyev Toshkentda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Ertaga, 5-oktabr kuni Toshkentda Turkiy kengashga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning Tadbirkorlar kengashi va Investitsion biznes-forumini o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda turkiy tilli davlatlardan 300 dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari tashrif buyurishi, ikkitomonlama va ko‘ptomonlama loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borilishi rejalashtirilgan.

15 oktabr kuni esa Baku shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy kengashning navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvida O‘zbekiston ilk bor to‘laqonli a’zo-davlat sifatida ishtirok etishi kutilmoqda.