Turkiy kengash bosh kotibining Toshkentga tashrifi kutilmoqda

Qayd etish kerakki, bu Kengash bosh kotibi Bag‘dod Amreyevning Toshkentga so‘nggi uch oydagi ikkinchi tashrifi bo‘lmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 3 okt — Sputnik. 2019 yilning 3-6 oktabr kunlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining bosh kotibi Bog‘dod Amreyev O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

Tashrif doirasida B.Amreyev O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasida uchrashuvlar o‘tkazadi. Respublikada ilk marotaba bo‘lib o‘tadigan Kengashning Ishbilarmonlar kengashi majlisida hamda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya tadbirkorlari ishtirokidagi Investitsion biznes forumida ishtirok etadi.

Turkiy tillarda so‘zlashuvchi davlatlar Sammitida imzolangan hujjatlar

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mazkur yilning 16-sentabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi.

O‘tgan yili sentabrda esa O‘zbekiston prezidenti Cholpon-Otada (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan mazkur Kengashning navbatdagi yig‘ilishda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Qayd etish joizki, Kengash tashkil etilganidan beri bu O‘zbekiston rahbarining ilk ishtiroki bo‘ldi.

Senat Turkiy kengashga qo‘shilish haqidagi qonunni ma’qulladi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.