Valentina Matviyenko Toshkent shahridagi prezident maktabini borib ko‘rdi

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev endi chet eldan kelgan nufuzli mehmonlarga katta-katta zavodlar emas, prezident maktablari ko‘rsatilishini ta’kidlagan edi.
Sputnik

TOShKENT, 2 okt – Sputnik. Rossiya spikeri Valentina Matviyenko O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Narbayeva hamrohligida Toshkent shahridagi prezident maktabini borib ko‘rdi.

Mehmonlarga mazkur davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining faoliyati haqida batafsil axborot berildi. Maktab O‘zbekiston prezidentining joriy yil fevral oyida imzolangan qaroriga muvofiq shu yil sentabr oyida ochilgani qayd etildi. 168 o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv korpusi va yotoqxona, shuningdek, o‘qituvchilar uchun 15 o‘rinli mehmonxona qurildi. Maktab fanlarni zamonaviy uslubda o‘qitish uchun darsliklar va qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.

O‘qituvchilarni saralab olishga alohida e’tibor qaratildi. Ularning 30 nafari xorijlik mutaxassislar, 72 nafari mamlakat o‘qituvchilaridir.

Rossiya o‘zbekistonlik talabalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi – Matviyenko

O‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatiga qarab 9−11-sinflarda o‘qish jarayonini yakka tartibda tashkil etish ko‘zda tutilgan. Prezident maktabi internat sifatida faoliyat olib boradi, ya’ni o‘quvchilar 5 kun ichida maktab hududida (kampusda) yashab tahsil oladi. Dam olish kunlari o‘quvchilarning ota-onalari bolalarini uylariga olib ketadi. 

Prezident maktablari tarbiyalanuvchilari bepul maktab formasi va oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Prezident maktablarida STEAM ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitiladi (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijod, Art – san’at, Mathematics – matematika). Bu iste’dodli yoshlarga firklash, iroda, ijodiy salohiyat va moslashuvchanlikni yanada rivojlantirish imkonini beradi. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha darslar davlat tilida olib boriladi. 

Tashrif davomida prezident maktablarining faoliyati mamlakatni yanada rivojlantirishga alohida hissa qo‘shadigan oliy ma’lumotli, iste’dodli yoshlarning yangi avlodini tarbiyalash imkonini berishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida ochilgan ilk prezident maktabiga tashrif buyurib, endi chet eldan kelgan nufuzli mehmonlarga katta-katta zavodlar emas, prezident maktablari ko‘rsatilishini ta’kidlagan edi.